MAGNITOMETR

MAGNITOMETR (magnit va… metr) — magnit induksiya, magnit maydon kuchlanganligi va doimiy magnitlarning magnit momentlarini oʻlchash uchun moʻljallangan asbob. Magnitomexanik, elektromagnit, induksion va ferrozond Magnitometrlar bor. Magnitomexanik Magnitometrda oʻlchanayotgan magnit maydonda 2 doimiy magnit oʻzaro taʼsirlashadi, natijada ulardan biri muayyan burchakka ogʻadi. Bunday Magnitometr mutlaq (mas, magnit teodolit) va nisbiy (mas, kvars asbob) oʻlchashlar uchun qoʻllaniladi. Elektromagnit Magnitometrda tekshirilayotgan magnit maydon gʻaltakdagi elektr toki magnit maydoni bilan taqqoslanadi. Induksion Magnitometrning ishi elektromagnit induksiya hodisasiga asoslangan. Ferrozond Magnitometrning ishi oʻzgaruvchan tok oʻtadigan chulgʻamli oʻzakning magnit oʻtkazuvchanligi oʻlchanayotgan magnit maydon taʼsirida oʻzgarishi hodisasiga asoslangan. Magnitometr yordamida Yer va b. sayyoralarning magnit maydoni oʻlchanadi, magnit oʻzgarishlariga doyr hodisalar oʻrganiladi, foydali qazilma konlari qidiriladi; magnit materiallarning xossalari oʻlchanadi va b. ilmiy hamda amaliy ishlar bajariladi.