MAGNIT SYOMKA

MAGNIT SYOMKA — foydali qazilmalarni qidirish va razvedka qilish, geologik xaritalashtirishda geomagnit maydon elementlari oʻlchamlarining majmui. Oʻlchashda magnitometrlar va magnit gradiyentometrlardan foydalaniladi. Magnit syomkaning yer yuzasida, yerdan yuqorida, suv ostida, shuningdek, shaxta va burgʻi quduqlarida oʻlchash xillari mavjud. Geomagnit maydonlarining global qonuniyatlarini oʻrganishda qayd qilish punktlarining oraligʻi yuzlarcha km ni, geologik xaritalashtirish, tektonik r-nlashtirish, konlarni qidirishda esa bir necha m dan bir necha km gacha boʻladi. Yer yuzasida olib borilgan Magnit syomka 1:10 000 masshtabda va undan yirikroq, mayda masshtabdagi syomka esa havodan turib bajariladi. Syomka toʻri magnit anomaliyasining kutilayotgan oʻlchamlari bilan belgilanadi.