MAGNIT MILINING ENKAYISHI

MAGNIT MILINING ENKAYISHI — magnit mili oʻqi bilan gorizontal tekislik orasidagi vertikal burchak. M. m. e. Yer magnit qutblarining Yer chuqurligida joylashishi bilan bogʻliq. Shim. yarim sharda magnit milining shim. uchi, jan. yarim sharda esa jan. uchi pastga enkayadi. Yer magnit qutblariga yaqinlashgan sari M. m. e. oshib boradi va qutblarda 90° ga yetadi. Magnit kompasining aniq ishlashi uchun Magnit milining enkayishining salbiy taʼsirini kamaytirish kerak. Bunga magnit milida joylashgan maxsus yukchani surish bilan erishiladi. Yer sharining sirtida Magnit milining enkayishining tarqalish koʻrsatkichi maxsus izoklin xaritalarda tasvirlanadi.