MAGELLAN

MAGELLAN, Magalyaynish Fernan (taxm. 1470, Portugaliya — 1521.27.4, Maktan o., Fillipin) — portugaliyalik dengizchi sayyoh. M. ekspeditsiyasi birinchi dunyo aylana suzishni amalga oshirdi. 1505—12 y. larda portugallar ekspeditsiyasida qatnashib ikki marta (1509-11) Malakkagacha borgan. M. Lissabonga qaytgach, 1517-y. Ispaniyaga oʻtib, Molukka orollariga gʻarbiy yoʻl b-n suzib borish toʻgʻrisidagi oʻzi ishlab chiqqan loyihani Ispaniya qiroliga taqdim qildi. 1519—21 y. larda 5 kemadan iborat Ispaniya ekspeditsiyasi (265 odam)ga boshliq etib tayinlangach, 1519-y. 20 sent. da Sanlukarde Barrameda bandargohidan (Ispaniya) yoʻlga chiqadi va 1520-y. yanv. da La-Plataning dengiziga quyilish yeriga yetib boradi. Fev. da janubga suzishni davom ettirib nomaʼlum yerning 2000 km dan ziyod sohilini (M. u joylarni Patagoniya deb atagan) koʻzdan kechirdi. Magellan 1520-y. mart oyida SanXulian buxtasida 3 kemada koʻtarilgan isyonni bostirdi va oʻsha yerda qishlab, 1520-y. avg. da 4 kemada suzishda davom etdi. Kemalar Olovli Yer oroli bilan materik oraligʻidagi boʻgʻoz (keyinchalik Magellan nomiga qoʻyilgan) orqali oʻtib nomaʼlum okeanga chiqdi. Magellan hamroxlari keyinroq uni Tinch okean deb atagan. Toʻxtovsiz qariyib 17 ming km masofani oʻtib, avval Mariana orollariga, soʻngra Filippin orollariga yetib borishdi. M. Maktan o. da mahalliy xalq bilan toʻqnashuvda oʻldirildi. Magellan hamrohlari Tinch okean orqali gʻarbga suzib, Afrikaning jan. orqali faqat bitta «Viktoriya» kemasida (X. S. Elkano qoʻmondonligida) 1522-y. Ispaniyaga qaytib, dunyo aylana suzishni yakunladilar. Bu ekspeditsiya Yerning sharsimonligini amalda uzil-kesil isbotladi, yagona Dunyo okeani mavjudligini, Yer yuzasining koʻp qismi suv bilan qoplanganligini koʻrsatdi.

Ad.: Pigafetta A., Puteshestviye Magellana, per, s ital., M., 1950; Magidovich I. P., Magidovich V. I., Ocherki po istorii geograficheskix otkrыtiy, 3 izd., M., 1983.