MAVRIKIY

MAVRIKIY (Mauritius), Mavrikiy Respublikasi (Republic of Mauritius) — Hind okeanining gʻarbiy qismida, Madagaskar o. dan sharkda joylashgan davlat. Mavrikiy o., Rodriges o., Kargadoskaraxos va Agalega o. lari, Chagos arxipelagini oʻz ichiga oladi (1982-y. da Mavrikiy parlamenti Chagos arxipelagini mamlakat hududining ajralmas qismi deb eʼlon qilgan. Buyuk Britaniya esa bu arxipelagni tortib olib, uning tarkibidagi Diyego-Garsiya orolini AQSHga 50 yilga ijaraga topshirgan). Mayd. 2045 km2. Aholisi 1,8 mln. kishi (2001). Poytaxti — Port-Lui sh. Maʼmuriy jihatdan 5 shahar va 9 okrug (district)ra boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Mavrikiy — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik aʼzosi. Amaldagi konstitutsiyasi 1968-y. da qabul qilingan va keyinchalik qoʻshimchalar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1992-y. dan Kassem Utim). U parlament deputatlarining odsiy koʻpchilik ovozi bilan 5 y. muddatga sailanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyati — Milliy assambleya (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Bosh vazir va vazirlarni prezident tayinlaydi.

Tabiati. Orollar vulkanlar otilishidan paydo boʻlgan, bazalt, dolomit va tuflardan tuzilgan. Yer yuzasi, ayniqsa, Mavrikiy o. ning jan.-gʻarbi qirlardan iborat (eng baland joyi 826 m), orolning oʻrta qismi — 600 m gacha balandlikdagi plato, shim. va sharqida sohili kambar tekislik. Rodriges o. ning bal. 396 m gacha. Qirgʻoqlar orolga oʻtishni qiyinlashtiruvchi marjon riflari b-n oʻralgan. Iqlimi — tropik dengiz iqlimi. Oʻrtacha t-ra eng issiq oy — fev. da 26°, eng salqin oy — avg. da 16°, sohilda 18,5° gacha. Yillik yogʻin 1500— 5000 mm gacha, yozi seryogʻin. Daryolari kamsuv, qurgʻoqchil davrda quriydi, eng yirigi — Grandrivyer. Qalin tropik oʻrmonlar togʻlarda saqlangan. Mavrikiy o. ning 1/4 qismi oʻrmon.

Axolisi, asosan, hind-mavrikiylar (69%), kreollar (27%) va h. k. Rasmiy til — ingliz tili; fransuz va kreol tili ham keng tarqalgan. Aholining 50% ga yaqini hindu, 33% xristian, 16% islom diniga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 41%. Yirik shaharlari — Port-Lui, BoBassen-Roz-Xill, Vakoa-Feniks.

Tarixi. Mavrikiy o. arab sayyohlarining esdaliklarida Dina Arobi (Kumush o.) nomi bilan tilga olinadi (10-a.). Orolda odam yashamagan. 16-a. boshlarida dastlab portugallar kelib oʻrnashdi. 1958-y. orolni gollandlar egalladi va shahzoda Moris (Oranlik) sharafiga Mavrikiy deb atadi. Gollandiya hukmronligi davrida orolga Sharqiy Afrikadan qullar keltirildi. 1715-y. dan orol Fransiya, 1810-y. dan Angliya hukmronligida boʻldi. 1814-y. dan esa rasman Angliya mustamlakasiga aylandi. Mavrikiy aholisi koʻp yillar davomida mustamlaka tuzumiga qarshi tinmay kurash olib bordi. 1935-y. M. da kasaba uyushmalari yuzaga keldi, 1936-y. dastlabki siyosiy partiya — oʻrta va mayda burjuaziyaga tayanuvchi Leyboristlar partiyasi tashkil topdi. 2-jahon urushi (1939—45)dan soʻng mustamlakachilikka qarshi kurash yanada kuchaydi. Natijada Buyuk Britaniya maʼmuriyati bir oz yon berishga majbur boʻldi. Qonun chiqaruvchi kengashning huquqi kengaytirildi, umumiy saylov huquqi joriy etildi. 1968-y. 12-martda Hamdoʻstlik doirasidagi mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. Ammo hali Oliy hokimiyatni Buyuk Britaniya qirolichasi tayinlaydigan general-gubernator idora qilar edi. Nihoyat, 1992-y. 12-martda mamlakat respublika deb eʼlon etilib, M. Respublikasi nomini oldi. Mavrikiy — 1968-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 12 mart — Mustaqillik kuni (1968) va Respublika kuni (1992).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Mavrikiy leyboristlar partiyasi, 1936-y. da tuzilgan; M. sotsialdemokratik partiyasi, 1955-y. da asos solingan; Jangovar sotsialistik harakat, 1983-y. tuzilgan; M. jangovar harakati, 1969-y. da tuzilgan; Rodriges xalq, tashkiloti, 1982-y. da asos solingan. Ishchilar umumiy Federatsiyam, 53 tarmoq kasaba uyushmasini birlashtiradi, 1971-y. tashkil etilgan; M. mehnat kongressi, 1963-y. da tuzilgan.

Xoʻjaligi. Mavrikiy — agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va oʻrmon xoʻjaligi hamda baliqchilikning ulushi 10,4%, sanoat, asosan, qayta ishlash tarmoqlarining ulushi 23%. Hududining 56% ekinzor va bogʻlardan iborat. Asosiy q. x. oʻsimligi shakarqamish boʻlib, u ekinzorlarning 94%ni egallaydi. Choy, tamaki, banan, aloe, sholi, makkajoʻxori, kartoshka, sabzavot, hoʻl meva ham yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol va echki boqiladi. Parrandachilik mavjud. Baliq ovlanadi. Sanoatida shakarqamishni qayta ishlaydigan korxonalar ustun. Shveysariya soat z-dlari uchun sunʼiy yoqut ishlash, tranzistorlar uchun detallar, koʻzoynak gardishlari i. ch., zargarlik toshlariga sayqal berish yoʻlga qoʻyilgan. Choy va tamaki bargini, sabzavot va hoʻl meva, agavani, mol terisini kayta ishlaydigan f-kalar, kemasozlik, yengil sanoat tarmoqlari, maʼdanli oʻgʻit va neft mahsulotlari korxonalari mavjud. Yiliga 390 mln. kVt/soat ga yaqin elektr energiya hosil qilinadi. Sayyohlik rivojlangan. Mavrikiyda avtomobil yoʻllari uz. —2 ming km. Yirik dengiz porti — Port-Lui. Plezans sh. da xalqaro aeroport bor. M. chetga qand-shakar, choy, teri mahsulotlari va poyabzal, toʻqimachilik yarim mahsulotlari chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat va neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, sanoat mollari keltiradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, JAR, Germaniya, Yaponiya, Xitoy. Pul birligi — Mavrikiy rupiyasi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Mavrikiy dagi boshlangʻich va oʻrta maktablarda oʻqish bepul va majburiy. Davlat va xususiy oʻquv yurtlari ham bor. Maorifi ingliz tizimi taʼsirida tarkib topgan: boshlangʻich maktab 6 y., oʻrta maktab 7 y. Kasb-hunar taʼlimi boshlangʻich maktab negizida 1 y. dan 3 y. gacha davom etadi. 5 y. lik toʻliqsiz maktab negizida texnika kolleji ishlaydi. Port-Lui sh. da Mavrikiy unti (1965), Moko sh. da Mavrikiy Gandi nomidagi in-t, qand-shakar sanoati uchun mutaxassislar tayyorlovchi regional markaz mavjud. Port-Lui sh. da in-t (1980), Redyui sh. da Qand-shakar sanoati tadqiqot in-ti ishlaydi. Mavrikiyda unt, shahar kutubxonasi, Mavrikiy in-ti, Britaniya kengashi, Qand-shakar sanoati tadqiqot in-ti kutubxonalari bor. Port-Lui sh. da muzey (1885), M. gerbariysi (1960), Maebur sh. da Tarix muzeyi mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Mavrikiyda nashr etiladigan asosiy gaz. lar: «Soushelist» («Sotsialist», kundalik gaz., 1983-y. dan), «Chayna Tayms» («Xitoy vaqti», xitoy tilidagi kundalik gaz., 1959-y. dan), «Ekspress» (ingliz va fransuz tillarida chiqadigan kundalik gaz., 1963-y. dan), «Uikend» («Hafta oxiri», fransuz va ingliz tillarida chiqadigan haftalik gaz., 1966-y. dan), «Nuvo militan» («Yangi jangchi», ingliz va fransuz tillarida chiqadigan haftalik gaz., 1979-y. dan), «Mirror» («Koʻzgu», xitoy, ingliz va fransuz tillarida chiqadigan yakshanbalik gaz.). M. radioeshittirish korporatsiyasi 1964-y. da tuzilgan. Televideniye xizmatiga 1965-y. da asos solingan.