MAVRIKIY

MAVRIKIY (539-602.27.11) – Vizantiya imperatori (582-y. dan). Yustinian I hukmronligidan keyin mamlakatda vujudga kelgan ogʻir sharoitda taxtni boshqargan. Saltanat hududiga slavyanlar, langobardlar, forslar hujum qilib turgandilar, davlat xazinasi boʻshab qolgan edi. Mavrikiy qoʻshinga beriladigan maoshni. turli xil tomoshalarga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirgan. Misrdan keltiriladigan gʻalla narxini oshirgan. Mavrikiyga qarshi bir qancha qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan. 591-y. M. Eron bilan Vizantiya uchun manfaatli boʻlgan sulh bitimini imzolashga erishgan; Eronga tegishli Armanistonning bir qismi Vizantiyaga oʻtgan. Mavrikiyning ichki siyosati davlatni parchalanishiga olib kelgan; Ravenna (584) va Karfagenda (591) yarim mustaqil ekzarxatlar (harbiymaʼmuriy birlik) barpo etilgan, Mavrikiy vasiyatnomasi (597)ga koʻra, saltanat uning oʻgʻillari oʻrtasida taqsimlanishi kerak edi. 602-y. 23 noyab. da Mavrikiy senturion (kichik harbiy lavozim) Foka boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtargan askarlar tomonidan taxtdan agʻdarilgan.