MAVLONOVA Hanifa Muhiddinovna

MAVLONOVA Hanifa Muhiddinovna (1924, Xoʻjand) — xonanda (lirik-dramatik soprano). Xalq artisti (1968). Xoʻjand musiqa bilim yurtini (1936), Moskva konservatoriyasini (1959) tugatgan. Xoʻjand Yosh tomoshabinlar teatri (1937—39), Xoʻjand musiqali drama teatri (1939—43), 1943-y. dan S. Ayniy nomidagi opera va balet teatrining yetakchi aktrisasi. Mohin («Tohir va Zuhra»), Gulroʻ («Poʻlat va Gulroʻ»), Maysara («Maysaraning ishi»), Nisso («Baxtiyor va Nisso»), Mariya («Mazepa»), Yaroslavna («Knyaz Igor»), Margarita («Faust»), Dezdemona («Otello») kabi rollari bilan shuhrat qozondi. Mavlonovaning ovozi diapazoni keng, yorqin va jarangdorligi bilan ajralib turadi. Mavlonova tojik va oʻzbek mumtoz qoʻshiqlari hamda zamonaviy qoʻshiqlarning mohir ijrochisi sifatida tanilgan.