JONUZOQOV Toʻraqul [1893, Jambul sh. (Avliyoota) — 1921.18.11, Fargʻona vodiysi] — Turkiston ASSR MIK raisi oʻrinbosari (1920), istiqlolchilik harakati gʻoyaviy rahbarlaridan biri. Rustuzem maktabida oʻqigan. 1909-y. da Turkiston general-gubernatorligida tarjimon. Oʻlkada sovet rejimi oʻrnatilgach, dastlab shoʻro idoralarida ishladi. Boku sh. da oʻtkazilgan Sharq xalqlari 1-qurultoyida (1920-y., 1—7 sent.) qatnashib, targʻibot va harakat kengashiga aʼzo etib saylandi. Qurultoydan soʻng sovet tuzumidan norozi boʻlib, bolsheviklar partiyasiga qarshi kurash eʼlon qilgan 40 nafar delegat safida boʻldi. 1920-y. kuzida istiqlolchilar tomoniga oʻtdi. Shermuhammadbek boshliq istiqlolchilar qarorgohida boʻlib, uning harbiy shtabida mafkuraviy ishlarga raxbarlik qildi. Jonuzoqov tayyorlagan maxsus varaqa va murojaatnomalar Fargʻona aholisi hamda istiqlolchilar oʻrtasida tarqatildi. 1921-y. iyunida Andijon uyezdiga bordi. Isroil qoʻrboshi guruhida boʻlib, tashkiliy va gʻoyaviy yordam koʻrsatdi. Kanayev taxallusi ostida qizil armiya jangchilari orasida istiqlolchilik harakatining asl mohiyatini tushuntirish borasida ish olib bordi, natijada koʻpgina rus zobitlari va askarlari bosqinchi qizil armiyani tashlab ketdi, ayrimlari istiqlolchilar tomoniga oʻtdi. J. Samarqandda Turkiston Milliy birligi 6-kongressini (1921-y. 5—7 sent.) tayyorlash va oʻtkazishda faol ishtirok etdi. Validiy va Munavvarqori Abdurashidxonov bilan birga Turkiston Milliy birligining bayrogʻini tayyorladi. Jonuzoqov qizil askarlar bilan boʻlgan toʻqnashuvlarning birida oʻldirildi.
Ad.: Validiy , Boʻlinganni boʻri yer (xotiralar), T., 1997; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkeston v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000.
Qahramon Rajabov.