JABBOROV

JABBOROV Ilhom (1945.30.6, Oʻrta Chirchiq tumani) — haykaltarosh, Oʻzbekiston BA ning akad. (1997), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1989). Respublika rassomlik bilim yurti (1965) va Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-ti (1971)ni tugatgan. 1995-y. dan Respublika rassomlik kollejida oʻqituvchi. 1997-y. dan Milliy rassomlik va dizayn in-tida haykaltaroshlik ustaxonasi rahbari, prof. Jabborov asarlarida anʼanaviy realistik haykaltaroshlik uslubiga xos xususiyatlar milliy mavzu va taʼsirchan obrazlarni ifodalashda oʻz aksini topgan. Dastgoxli va mahobatli asarlari (portret, tarixiy shaxslar qiyofasi aks ettirilgan) umumlashma va ramziylik yoʻlida yaratilgan. «Xayol» (yogʻoch, 1974), «Mashrab» (yogʻoch, 1974), «Oqshom» (yogʻoch, shamot, 1980), «Dam olish» (shamot, 1982), «Falakning gardishi» (shamot, 1983), «1941—45 yillar» triptixi (shamot, 1985) va b. Toshkentdagi Furqat (bronza, granit, 1982; meʼmori S. Sutyagin), Urgutdagi Navoiy (mis, 1985), Namangandagi Mashrab (mis, 1988), Toshkent (1992), Samarkand (1997) va Shahrisabz (1997) dagi Amir Temur haykallari (bronza; meʼmori F. Ashrafiy), Fargʻonadagi AlFargʻoniy (bronza, 1998), Toshkentdagi «Ona» (bronza, 1999), Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi (2000) haykallari Jabborovning mahobatli asarlaridan. «Mehnat Shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).