JITOMIR

JITOMIR — Ukrainadagi shahar, Jitomir viloyatining markazi. Teterev daryosi (Dnepr irmogʻi) sohilida. Shosse va t. y. lar tuguni. Aeroport bor. Aholisi 302,3 ming kishi (1997). 9-a. da asos solingan. Mashinasozlik va metallsozlik (elektr oʻlchov asboblari i. ch. birlashmasi, stanok avtomatlar, uy-roʻzgʻor priborlari z-dlari), yengil sanoat (zigʻir tola k-ti), oziq-ovqat sanoati (un korxonalari, goʻsht va konserva k-tlari), yogʻochsozlik (mebel k-ti, musiqa asboblari f-kasi), kimyoviy tola, dorivor oʻsimliklar xom ashyolari z-dlari ishlab turibdi. 2 oliy oʻquv yurti, musiqali drama teatri, qoʻgʻirchoq teatri, filarmoniya, oʻlkashunoslik, tabiat muzeylari, yozuvchi V. G. Korolenko, akad. S. P. Korolyov uy-muzeylari bor.