JENEVA

JENEVA — Shveysariyaning jan.gʻarbidagi shahar. Jeneva kantonining maʼmuriy markazi. Jeneva koʻlining jan.-gʻarbiy sohilida, 372 m balandlikdagi xushmanzara yerda joylashgan. Koʻldan oqib chiqadigan Rona daryosi shahar oʻrtasidan oʻtgan. Iqlimi yumshoq, yillik yogʻin 1000 mm chamasida. Aholisi 172 ming kishi, shahar atrofi bilan 390 ming (1998).

Jeneva (lot. Genava) dastlab Yuliy Sezar tomonidan mil. av. 1-a. da tilga olingan. Savdo yoʻllari chorrahasida joylashganidan shaharning iqtisodiy mavqei kuchayib bordi. 14—15-a. larda oʻzining yarmarkalari bilan mashhur edi. 16-a. dan Shveysariya tarkibidagi ittifoqdosh yer; Kalvin davrida (16-a.) reformatsiya markazi boʻlgan. 16 — 17-a. larda Jenevada sanoat, jumladan soatsozlik rivojlandi. 1798—1814-y. larda Fransiya tarkibida boʻldi. 1815-y. dan Shveysariyaning 22-kantoni. Jeneva — bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Millatlar Ligasi (1919—39), Qizil Krest organlari, BMT turli boʻlimlarining doimiy qarorgohi. Jenevada xalqaro kongresslar, konferensiyalar, koʻrgazmalar va festivallar oʻtkazilib turiladi. Kurort shahar, chet el turizmining markazlaridan.

Jeneva — transport yoʻllari tuguni, koʻl porti. Yirik aeroport bor. Mamlakatning muhim siyosiy, sanoat va savdo moliya markazlaridan. Zargarlik butomlari, aniq mexanika (soatlar, geodeziya asboblari, aniq apparatura va b.), stanok sozlik, elektron texnika, mashina sozligi, dvigatellar i. ch., farmatsevtika, parfyumeriya, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Un-t va b. oliy oʻquv yurtlari, teatrlar, muzeylar bor. Jenevaning kad. qismi Ronaning soʻl sohilida joylashgan. Meʼmoriy yodgorliklardan Sen-Pyer sobori (12 — 18-a. lar), Sent-Mari-Madlen va Sen-Jermen (14-a.) cherkovlari (14—15-a. lar), ratusha (15-a.), Enar saroyi (1817—21), Uygʻonish davri va mumtoz qoʻshqlar (17—19-a. lar) saqlangan. Yangi shahar qismida Millatlar saroyi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) binosi va b. zamonaviy inshootlar joylashgan.