JAHON POCHTA ITTIFOQI

JAHON POCHTA ITTIFOQI — xalq aro davlatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi (1947-y. dan). I Xalqaro pochta kongressida tashkil etilgan (1875). 1878-y. gacha Umumiy pochta ittifoqi deb atalgan. Vazifasi pochta xizmatini yaxshilash, shu sohada hamkorlikni taraqqiy ettirish, rivojlanayotgan mamlakatlarda pochta xizmatini tashkil etish va takomillashtirishda texnika yordami koʻrsatishdan iborat. 2002-y. 1 yanv. daunda 189 davlat aʼzo boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi 1994-y. dan aʼzo. Asosiy organlari: Jahon pochta kongressi, Ijroiya kengashi, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi va Xalqaro byuro. Oliy organi — kongress, 5 yilda 1-marta chaqiriladi. Jahon pochta ittifoqining rasmiy tili fransuz tili, ish jarayonidagi tili — ingliz, ispan, rus tillari. «Pochta ittifoqi» jurnali, kongresslar hisoboti va b. ni nashr qiladi. Oʻzbekiston vakillari 21-kongress (1994-y. Seul sh.), 22-kongress (1999-y. Pekin sh.) da qatnashgan. Jahon pochta ittifoqi idorasi Bern sh. da joylashgan.