JAHON MEROSI

JAHON MEROSI — butun insoniyat mulkini tashkil etuvchi buyuk madaniy va tabiiy yodgorlik (boylik)lar. 1972-y. YUNESKO Jahon madaniy va tabiiy yodgorliklarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilgan (1975-y. dan kuchga kirgan). Konvensiyani ratifikatsiya qilish (1992-y. boshlari)da 123 mamlakat qatnashgan. Jahon merosi roʻyxatida 80 mamlakatning 358 qurilish maydoni (1992-y. boshlari): alohida meʼmoriy inshoot va ansambllar — Akropol, Amyen va Shartr (Fransiya)dagi soborlar, Misr ehromlari, Tojmahal, Borobudur qasri, Varshavaning tarixiy markazi, Moskva Kremli va Qizil maydoni (Rossiya) va b. ; shaharlar — Braziliya, Venetsiya (qoʻltiklari bilan birga) va b. ; arxeologik qoʻriqxonalar — Delʼfa va b. ; milliy bogʻlari va b. Hududlarida Jahon merosi joylashgan davlat yodgorliklarni saqlashga javobgardir. Jahon merosi oʻz nishoni (emblema, 1978-y. tasdiqlangan) va jamgʻarmasiga ega. YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga dunyo boʻyicha 721 ta madaniy va tabiiy yodgorliklar kiritilgan (2002). Bular ichida Oʻzbekiston (1993)dan Xivada Ichan qalʼa (1990). Buxoro, Shahrisabz (2000) va Samarqand (2001)ning tarixiy markazlari bor.