JARQOʻRGʻON TUMANI — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan (1962-y. 24 dek. da Shoʻrchi tumani bilan birlashtirilgan, 1964-y. 31 dek. da qayta tuzilgan). Shim. da viloyatning Qiziriq va Bandixon tumanlari, sharqda Qumqoʻrgʻon tumani, jan.-gʻarbda Termiz va Angor tumanlari, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 1,14 ming km2. Axrlisi 142,2 ming kishi (2000). Yaqin t. y. stansiyasi — Jarqoʻrgʻon. J. t. da 1 shahar (Jarqoʻrgʻon), 1 shaharcha (Kakaydi) va 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Dehqonobod, Jarqoʻrgʻon, Minor, Oqqoʻrgʻon, Surxon, Chorjoʻy, Sharq Yulduzi) bor. Markazi — Jarqoʻrgʻon sh.
Tabiati. Relyefi, asosan tekislik boʻlib, Surxondaryo vodiysi boʻylab jan. ga tomon pasayib boradi. Qishi qisqa va iliq, yogʻin nisbatan kam, yozi uzoq, quruq va issiq. Iyulning oʻrtacha t-rasi 28— 32°, yanv. niki 2,8—3,6°. Yiliga oʻrtacha 130—140 mm yogʻin tushadi, asosan qish va bahorda yogʻadi. Gʻarbiy, jan.-gʻarbiy, shim.-sharqiy shamollar koʻp esadi. Tumanning jan. va sharqidan bir necha kun davom etadigan quyuq changtoʻzonli Afgʻon shamoli esadi. Surxondaryodan va AmuZang, Bobotogʻ kanallaridan sugʻorishda foydalaniladi. Jarqoʻrgʻon tumanining sharqiy qismida doimiy suv tanqisligiga barham berish uchun «Oqtepa» suv ombori, Jarqoʻrgʻon gidrouzeli va b. irrigatsiya inshootlari qurilgan; yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. Jarqoʻrgʻon tumanida oq saksovul, cherkez, qandim, teresken, yantoq, daryo boʻylarida yulgʻun, jiyda, turangʻil, terak, qiyoq, qamish, tol, yongʻoq, bodom oʻsadi. Qir-adirlarda jayran, jayra, silovsin, boʻri, chiyaboʻri, tulki, qushlardan qirgʻovul, kaklik, mayna, chugʻurchiq, chumchuqlar yashaydi. Daryo va kanallarda oq amur, zogʻora baliq, laqqa baliqlar bor.
Aholisi, asosan oʻzbeklar (90,2%), shuningdek, tojik, rus, tatar, turkman, qozoq, koreys va b. millat vakillari ham yashaydi. 1km2 ga oʻrtacha 124 kishi toʻgʻri keladi.
Xoʻjaligi. Tumanda paxta tozalash, qurilish materiallari z-dlari, remont ustaxonalari, hunarmandchilik k-tlari, «Surxontoʻqimachi» kabi 10 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Kichik va oʻrta tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi korxonalar va q. x. korxonalarining yordamchi xoʻjaliklarida sanoat mahsulotlari i. ch. koʻpaymoqda. Tuman hududidan neft konlari (Kakaydi, Lalmikor, Uchqizil) topilgan. Lalmikorda gaz koni bor.
Q. x. ning asosiy tarmoqlari: paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, tokchilik. Sugʻoriladigan yerlar 114,2 ming ga. 11,2 ming ga yerda paxta, 9,6 ming ga yerda gʻalla yetishtiriladi. Yaylovlarda qoramol, qoʻy boqiladi. Tumanda shirkat, fermer xoʻjaliklari, boʻrdoqichilik korxonasi bor.
1999/2000 oʻquv yilida 56 umumiy taʼlim maktabi, shu jumladan bolalar sanʼat maktabi, bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar maktablarida 37,5 ming oʻquvchi taʼlim oldi. Tumanda 31 jamoat kutubxonasi (337 mingdan ziyod kitob), 14 klub, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, 3 xalq ansambli, xalq teatri bor. 4 kasalxona, 9 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 qishloq vrachlik punkta, 4 poliklinika, 4 feldsher-akusherlik punkti, 2 dispanserda aholiga 1400 dan ziyod tibbiyot xodimlari xizmat koʻrsatadi. 1932-y. dan «Jarqoʻrgʻon haqiqati» gaz. chiqadi (adadi 2000). Barottepa qishloq xarobasi, Jarqoʻrgʻon minorasi (12-a.) bor.