JANUBIY QOZOGʻISTON VILOYATI

JANUBIY QOZOGʻISTON VILOYATI — Qozogʻiston Respublikasi jan.dagi viloyat. 1932-y. 10-martda tashkil etilgan (1962—64 y. larda Janubiy Qozogʻiston oʻlkasining bir qismi, 1964-y. dan 1992-y. 6-maygacha Chimkent viloyati). Mayd. 117,3 ming km2. Aholisi 2018 ming kishi (2000), asosan qozoqlar va oʻzbeklar, shuningdek, rus, ukrain, tatar, ozarbayjon, tojik va b. millat vakillari yashaydi. Markazi — Chimkent sh.

Janubiy Qozogʻiston Viloyati Turon past-tekisligining sharqiy qismi va Tyanshanning gʻarbiy tarmoqlarida joylashgan. Hududining koʻp qismi tekislik (bal. 200 — 300 m). Chekka jan. da Mirzachoʻlning shim. qismi, shim. da Betpakdala choʻli bor. Viloyatning markaziy qismida Qoratov tizmasi (eng baland joyi 2176 m), jan.-sharqida Talas Olatovining gʻarbiy chekkalari, Qorjontov (2824 m) va Ugom (4238 m) tizmalari qad koʻtargan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq va quruq, qishi qisqa, iliq, qor kam yogʻadi. Iyulning oʻrtacha t-rasi shim. va jan.-gʻarbida 28°, jan.-sharqida 16 — 24°. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi shim. da — 9°, jan. da —2°. Yiliga 100—400 mm dan 1000 mm gacha yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 230—290 kun. Yirik daryosi — Sirdaryo va uning irmoqlari Keles, Quruqkeles, Aris. Shim. da Chu daryosi oqib oʻtadi. Sirdaryoda Chordara suv ombori qurilgan. Doʻstlik, Aris va Turkiston magistral irrigatsiya kanallari mavjud. Sirdaryo qayirida chuchuk suvli koʻllar, Chu daryosi quyi oqimida shoʻr koʻl koʻp. Tekisliklarda qumli va qumoq-qoʻngʻir va boʻz-qoʻngʻir tuproqlarda boshoqli shuvoq hamda shoʻra, qora va oq saksovul, yulgʻun oʻsadi. Sirdaryo va Chu daryolari qayirida oʻtloq, shoʻrlangan tuproqlarda qamish oʻsadi. Togʻlarda vertikal mintaqalar — choʻl zonasidan alp oʻtloqlari va muzliklargacha uchraydi. Choʻlda kemiruvchilar (yumronqoziq, qumsichqon, qoʻshoyoq), togʻlarda togʻ takasi va togʻ qoʻyi (arxar), qoplon, ayiq, qushlardan tasqara, toʻqaylarda boʻri, tulki, oq sichqon, sassiqkoʻzan, qobon, qirgʻovul, koʻllarda gʻoz, oʻrdak, choʻlda sudraluvchilardan ilon, toshbaqa, kaltakesak yashaydi.

Viloyat iqtisodida kon sanoati va q. x. xom ashyolarini qayta ishlash sanoati b-n birga intensiv obikor dehkonchilik va chorvachilik rivojlangan. Energetikasi asosan tabiiy gaz (Oʻzbekiston), toshkoʻmir (Qaragʻanda), mahalliy qoʻngʻir koʻmir (Langar) va mazutda ishlaydi. Kon sanoati (Kentov sh. va Achisoy hamda Bayjonsoy shaharchalarida polimetall konlari va boyitish f-kalari), rangli metallurgiya (Chimkentda qoʻrgʻoshin eritish f-kasi), mashinasozlik (pressavtomatlar, kardan vallari, avtotraktor detallari i. ch., ekskavator z-dlari), kimyo va farmatsevtika (chorva mollariga beriladigan antibiotiklar, fosforli tuzlar z-dlari), yengil (ip gazlama k-ti, paxta tozalash va qorakoʻl teri z-dlari, paypoq-trikotaj, tikuvchilik, poyabzal f-kalari), oziq-ovqat (moy ekstraksiya, sut va meva konserva, vino z-dlari) sanoati tarmoqlari rivojlangan. Sement, gʻisht, keramzit, neftni qayta ishlash z-dlari bor. Janubiy Qozogʻiston Viloyati obikor dehqonchilik, paxtachilik, tokchilik va bogʻdorchilik r-ni. Q. x. da galla ekinlari, texnika ekinlari, yem-xashak ekinlari, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. Tokchilik va bogʻdorchilik rivojlangan. Chorvachilikda yaylov qorakoʻlchiligi, mayin junli va goʻsht-moy qoʻychiligi, goʻsht-sut qoramolchiligi rivojlangan. Qoʻy, echki, qoramol, yilqi, tuya va parranda boqiladi. Toshkent—Aris — Orenburg, Olmaota — Aris—Orenburg t. y. magistralining bir qismi oʻtgan. Muhim avtomobil yoʻllari: Chimkent— Toshkent, Chimkent—Taroz, Chimkent— Turkiston — Qiziloʻrda, Avialiniyalar Chimkentni Toshkent, Moskva, Bishkek, Olmaota, shuningdek, viloyat tumanlari b-n bogʻlaydi. Janubiy Qozogʻiston Viloyatida oliy oʻquv yurtlari, 2-teatr, oʻlkashunoslik muzeyi, Sari-ogʻoch balneologik kurorta bor.