JANUBIY SURXON SUV OMBORI

JANUBIY SURXON SUV OMBORI, Mirzaahmad Qoraboyev nomidagi Janubiy Surxon suv ombori — Oʻzbekistondagi yirik suv ombori. Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hududida, Surxondaryoning oʻrta oqimida, Zarkamar va Xoʻjamulki toʻqayi oʻrnida 1958—67 y. larda bunyod etilgan. Daryo havzasining eng tor yerida toʻgʻon qurilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Uz. 20 km, maksimal eni 6,2 km, oʻrtacha eni 2,96 km, maksimal chuqurligi 27 m, oʻrtacha chuq. 12 m. Toʻla suv sigʻimi 800 mln. m3, foydali suv sigʻimi 610 mln. m3. Suv sathi yuzasi 65 km2. J. S. s. o. daryoning kayiri va uch terrasasida joylashgan. Asosiy inshootlar tarkibiga tuproq toʻgʻon, ehtiyot tashlama va Sherobod magistral kanaliga suv beradigan oʻngqirgʻoq suv chiqargich (suv sarfi 150 m3/s) kiradi. Suv ombori Sherobod choʻlidagi 71 mingga yerni oʻzlashtirish hamda ilgaridan sugʻoriladigan 52 mingga yerning suv taʼminotini yaxshilash imkonini berdi. Suv omborida koʻpgina baliq turlari urchitib koʻpaytiriladi va ovlanadi. 1969-y. da Janubiy surxon suv ombori qurilishga rahbarlik qilgan Mirzaahmad Qoraboyev (1931—1969) nomi berilgan.