JANGOVAR TREVOGA

JANGOVAR TREVOGA — qoʻshinlarni qisqa muddatda jangovar holatga keltirish. Jangovar trevoga katta boshliq koʻrsatmasiga binoan ogʻzaki, aloqa vositalari, belgilangan shartli signallar yordamida va buyruq berish yoʻli bilan eʼlon qilinadi. Jangovar trevoga umumiy va qisman boʻlishi mumkin: agar maʼlum garnizonning barcha qoʻshinlarini jangovar shaylik holatiga keltirsa — umumiy, ayrim boʻlinmalargagina taalluqli boʻlsa — qisman deyiladi. Jangovar trevoga signali berilishi bilan qoʻshin juda qisqa muddatda yigʻilib, jangovar (oʻt ochish, start olish) holatini egallaydi. Jangovar trevoga boʻyicha qoʻshinlarga xabar berish, ularni toʻplash va jangovar harakat boshlash, odatda, yashirincha amalga oshiriladi.