JAMUKAT

JAMUKAT, Hamukat — Yettisuvda, Talas daryosining soʻl tomonida sugʻdlar qurgan shahar (6-a.). Narshaxiynit «Buxoro tarixi»da: «Buxoroliklar… Turkiston va Taroz yaqinida bir shahar bino qilib, uni Hamukat deb atadilar, chunki Buxorodan qochib ketgan toifaning raisi boʻlmish bir katta dehqonning nomi Hamuk edi; «Hamuk» deb, Buxoro tilida gavharga aytiladi, «ket» esa — shahar, yaʼni Hamukat «Hamuk — gavharning shahari» demakdir. Buxoro tilida katta odamni «hamuk», yaʼni falonchi gavhar deydilar», deb yozilgan. Keyingi asrlarda shahar yanada taraqqiy etgan. Arab geografi Muqaddasiy J. ni Isfijob (Sayram) viloyati shaharlari roʻyxatida koʻrsatib: «Jamukat qalʼasi va jome masjidi, devor bilan oʻralgan rabodida bozorlari boʻlgan kattagina shahar edi», deb yozadi.