JAMOATCHILIK FIKRI

JAMOATCHILIK FIKRI — ijtimoiy voqealarga, turli guruhlar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyatiga boʻlgan yashirin yoki oshkora munosabatlarni oʻz ichiga oluvchi ommaviy ong shakli; muayyan ijtimoiy masalalarni maʼqullash yoki qoralashda namoyon boʻladi, individlar, ijtimoiy guruhlar xatti-harakatini va ijtimoiy munosabatlarda muayyan meʼyorlarni belgilaydi; umuman jamiyat doirasida ham, turli ijtimoiy guruhlar doirasida ham amal qiladi. Jamoatchilik fikrining faolligi va ahamiyati jamiyatning strukturaviy xarakteri, ishlab chiqaruvchi kuchlarning, madaniyatning, demokratik huquqiy meʼyorlar va erkinliklarning taraqqiyot darajasi b-n belgilanadi. Jamoatchilik fikri hokimiyat organlarini saylashda, ommaviy kommunikatsiya vositalarida, aholi soʻrovlari va b. da oʻz ifodasini topadi.

Oʻzbekistonda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tuzilgan (1997). Markaz mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy hayoti, davlat siyosati va hukumat faoliyati toʻgʻrisidagi Jamoatchilik fikrini taxlil qiladi va umumlashtiradi.