JAMOAT BIRLASHMALARI

JAMOAT BIRLASHMALARI — fu qarolarning qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan birlashmalari. OʻzRda Jamoat birlashmalari sirasiga kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, faxriylar va yoshlarning tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa birlashmalari kiradi. Jamoat birlashmalari — xalqtashabbuskorligi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishining namoyon boʻlishi, demokratiya va huquqiy davlatning tarkibiy qismi, fuqarolik jamiyatiga xos turmush shaklidir. Jamoat birlashmalari quyidagi maqsadlarda tuziladi: kishilarning fuqarolik, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi huquqlari hamda erkinliklarini amalga oshirish va himoya qilish, davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirish, kasb va havaskorlikka oid qiziqishlarini qondirish, ilmiy-texnik va badiiy ijodkorlikni rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, xayriya ishlarida qatnashish, kasb, madaniyat, sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport, tabiatni, tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza etish sohasida tadbirlar oʻtkazish, fuqarolarni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro aloqalarni kengaytirish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa sohalarda faoliyat yuritish. Jamoat birlashmalari haqidagi qonun-qoidalar OʻzR Konstitutsiyasi XIII bobida va «Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida»gi (1991-y. 15 fev.) qonunda belgilab berilgan. Ularda taʼkidlanishicha, davlat Jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, Jamoat birlashmalarida ishtirok etish uchun barchaga teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning Jamoat birlashmalari faoliyatiga, Jamoat birlashmalarining esa davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.