JAMOA SHARTNOMASI

JAMOA SHARTNOMASI — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soladigan meʼyoriy hujjat. Ish beruvchi bilan Jamoa shartnomasi tuzish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror qabul qilish huquqiga kasaba uyushmasi (oʻz vakillik organi opqali), xodimlar vakolat bergan boshqa vakillik organi yoki bevosita mehnat jamoasi umumiy yigʻilishi (konferensiyasi) ega. Jamoa shartnomasi korxonalarda, ularning yuridik shaxe huquqi berilgan tarkibiy boʻlinmalarida bir tarafdan — kasaba uyushmalari va xodimlar tomonidan yuqoridagi vakillik organlari orqali, 2-tarafdan — bevosita ish beruvchi yoki u vakolat bergan vakillar oʻrtasida tuziladi. Uning mazmuni va tuzilishini taraflar belgilaydi. Jamoa shartnomasiga ish beruvchi va xodimlarning quyidagi masalalar boʻyicha oʻzaro majburiyatlari kiritilishi mumkin: mehnatga haq toʻlash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qoʻshimcha toʻlovlar; narxlar oʻzgarib borishiga, inflyatsiya darajasiga, Jamoa shartnomasida belgilangan koʻrsatkichlar bajarilishiga qarab mehnatga haq toʻlashni tartibga solish mexanizmi; xodimlarni ish bilan taʼminlash, qayta oʻqitish, ishdan boʻshatish shartlari; ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat taʼtillarining muddatlari; xodimlar, jumladan, ayollar va 18 yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnat sharoiti va mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologiya jihatidan xavfsizlikni taʼminlash; korxonani va idoraga qarashli turar joyni xususiylashtirish vaqtida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish; ishlab turib oʻqiydigan xodimlarning imtiyozlari; ixtiyoriy va majburiy tarzdagi tibbiy hamda ijtimoiy sugʻurta va h. k. J. sh. loyihasi korxona boʻlinmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinib, fikr va takliflari xisobga olingan holda takomilga yetkaziladi va mehnat jamoasi umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)da muhokamaga qoʻyiladi. Jamoa shartnomasi umumiy yigʻilish (konferensiya)da maʼqullangandan keyin taraflarning vakillari tomonidan uch kun ichida imzolanadi va imzo chekilgan vaqtdan eʼtiboran yoki Jamoa shartnomasida koʻrsatilgan kundan boshlab kuchga kiradi hamda taraflar belgilagan muddat davomida amal qiladi. Jamoa shartnomasiga oid qonun-qoidalar OʻzR Mehnat kodeksida belgilab berilgan (35—46-moddalar).