JAMBUL VILOYATI

JAMBUL VILOYATI — Qozogʻiston Respublikasi jan. dagi viloyat. 1939-y. 14 okt. da tashkil etilgan. Qozoq xalq oqini Jambul nomiga qoʻyilgan. Mayd. 144,3 ming km2. Aholisi 999,6 ming kishi (1999), asosan qozoqlar, shuningdek, oʻzbek, rus, nemis, ukrain, tatar, dungan va b. millat vakillari ham yashaydi. Markazi — Taroz sh.

Viloyat xududi asosan tekislik. Shim. qismini (viloyat hududining uz) Betpakdala choʻli egallagan. Chu daryosi vodiysidan jan. da Moʻyinqum choʻli joylashgan. Viloyat jan.-gʻarbida Qoratov tizmasi (1600 m), sharq va jan.-sharqida Jeltov va Aytov togʻlari (1506 m), jan. da Qirgʻiziston tizmasining shim. yon bagʻri (4000 m gacha) bor. Shim. qismida iqlim keskin kontinental (yanv. ning oʻrtacha t-rasi —10° dan —14° gacha, iyulning oʻrtacha t-rasi 25— 27°). Yiliga 100—200 mm yogʻin yogʻadi. Togʻ oldi qismlarida iqlim yumshoqroq (oʻrtacha t-ra yanvarda —5° dan —8° gacha, iyulda 20—22°). Yiliga 350 mm, togʻlarda 500—600 mm dan 700—900 mm gacha yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 200 — 225 kun. Asosiy daryolari: Chu, Talas, Assa. Yirik koʻllari: Balxash (jan.gʻarbiy qismi), Biyli koʻli, Oqkoʻl. Tekislik va yon bagʻirlardagi surqoʻngʻir tuproqlarda shuvoq-shoʻra oʻsadi; baʼzan taqir va shoʻrxoklar uchraydi. Qumlarda saksovul, 800—1500 m balandliklardagi boʻz tuproqlarda shuvoq-boshoqlilar va chalov-betaga, 1500 — 1700 m dan 2000 m gacha balandliklardagi kashtan tuproqlarda togʻ teragi va tyanshan qoraqaragʻayi oʻsadi. 2100 m dan balandda subalp va alp oʻtloqlari bor. Choʻllarda qum yumronqozigʻi, qoʻshoyoq, jayran, yelik, saygʻoq; togʻlarda togʻ echkisi, arxar; yirtqichlardan boʻri, tulki, boʻrsiq; sudraluvchilardan ilon, toshbaqa, kaltakesak; umurtqasizlardan biy, qoraqurt, chayon; koʻl va daryolarda okun (olabugʻa), marinka (qorabaliq), sazan, sudak (oq marka), leshch (toʻrta) kabi baliqlar bor.

Jambul viloyatida obikor dehqonchilik va yaylov chorvachiligi bilan birga har xil sanoat tarmoqlari rivojlangan. Fosforit kon-kimyo k-ti (Qoratovda), Tarozda superfosfat, xrom, rezina buyumlari z-dlari, charm poyabzal korxonasi, jun, tikuvchilik, attorlik f-kalari (Tarozda), sut va pishloq z-dlari (Taroz, Qoratov, Chu va tuman markazlarida) bor. Metallsozlik — ehtiyot qismlar, kommunal asbob-uskunalar, agregat tuzatish, texnologik metall konstruksiyalari, tuzatish-mexanika (Taroz, Chu, Lugovayada), avtomobil remonti (Granitogorsqsa) z-dlaridan iborat. Gʻisht, gips, koʻprik va temirbeton buyumlari, uysozlik z-dlari, qurilish detallari va konstruksiyalari k-tlari, mebel f-kasi (Tarozda), qurilish materiallari k-tlari (Taroz, Qoratov) bor. Q. x. da chorvachilik hamda dehqonchilik yetakchi tarmoq hisoblanadi. Donli ekinlar, texnika ekinlari (shu jumladan qand lavlagi), sabzavot-poliz va kartoshka, yemxashak ekinlari ekiladi. Bogʻdorchilik, tokchilik rivojlangan. Chorvachilikda asosan mayin junli va yarim mayin junli hamda qorakoʻl qoʻylari boqiladi.

Jambul viloyati hududidan Taroz—Qoratov—Janatas, Lugovaya—Bishkek, Chu—Moʻyinti t. y. tarmoqlari oʻtgan. Avtomobil yoʻlining asosiy avtomagistrali Toshkent—Bishkek—Olmaota. Havo yoʻllari Tarozni Moskva, Olmaota va b. shaharlar, viloyatning tumanlari bilan bogʻlaydi. 3 oliy oʻquv yurti, oʻlkashunoslik muzeyi, 2 drama teatri bor.