JALOLQUDUQ TUMANI

JALOLQUDUQ TUMANI — Andijon viloyati tumani. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan (1962-y. 24 dek. da Xoʻjaobod tumani bilan birlashtirilgan. 1973-y. 12 apr. da qayta tuzildi). Tuman viloyatining Qoʻrgʻontepa, Xoʻjaobod, Andijon tumanlari hamda qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 0,37 ming km2. Axolisi 132,6 ming kishi (2000). Jalolquduq tumanida 1 shahar (Oxunboboyev), 1 shaharcha (Janubiy Olamushuk), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Abdullabiy, Beshtol, Yorqishloq, Jalolquduq, Kolxozqishloq, Oyim, Teshiktosh, Qatortol) bor. Markazi — Oxunboboyev sh.

Jalolquduq va unga yondosh qishloqlar oʻramida yogʻingarchilik koʻproq bulganligidan u yerlar ilgari qamishzor, toʻqayzor bulgan. Tuman nomi «jela» yoki «jelak» soʻzidan kelib chiqqan degan rivoyatlar bor: utmishda mahalliy aholi zovur, buloq va quduqlarga jela tashlab baliq ovlagan ekan. Jela qoʻyiladigan quduqlar asta-sekin «jelaquduq» deb ataladigan boʻlganmish. Keyinchalik bu nom talaffuzda oʻzgarib «jalaquduq», «jalolquduq» shaklida qishloq, soʻngra tumanga nom boʻlib qolgan deyiladi.

Tabiati. Jalolquduq tumani viloyatining shim.sharqida joylashgan. Relyefi pasttekislik, qir va adirlardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27°, yanv. niki —3°. Vegetatsiya davri 160—180kun. Yiliga oʻrtacha 250 mm yogʻin yogʻadi. Tuman hududidan Andijonsoy (3,5 km), Shahrixonsoy, Savay kanallari, Qoradaryo oqib oʻtadi. Tuman yerlari och tusli oʻtloqi boʻz tuproqdan iborat. Adirlarda efemer oʻsimliklar, ekin ekilmaydigan yerlarda shuvoq, shoʻra oʻsadi.

Aholisi , asosan oʻzbeklar. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 358 kishi. Qishloq axolisi 80% ni, shaharliklar 20% ni tashkil qiladi.

Jalolquduq tumani hududida 11 arxeologik tepalik, 5 meʼmoriy yodgorlik saqlanib qolgan. Dalvarzintepa, Qoratepa, Eshontogʻa va Qilichmozor tepaliklari eng qad. arxeologik yodgorliklar, Toshmasjid esa milliy meʼmorlik namunasidir. Fargʻonaliklar 8-a. boshida Fargʻona vodiysiga bostirib kelgan Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arab qoʻshinlariga qattiq qarshilik koʻrsatganlar. Qutayba yangi saylangan xalifa Sulaymonga boʻysunishdan bosh tortganligi uchun xos askarlari tomonidan 715-y. da hozirgi Jalolquduq tumani hududida oʻldirilgan. Tarixchi Narshaxiyning yozishicha, Qutaybaning qabri Koh qishlogʻida. Bu qishloq yonidagi qabriston «Raboti sarhang» (hoz. «Mozorbuva») deb ataladi. Xoʻjaligi. Jalolquduq tumanida Soʻfiqishloq paxta z-di, Oyimda «Bunyod» momiq i. ch. korxonasi, davlat podshipnik z-di, parrandachilik f-kasi, Oxunboboyev makka saralash korxonasi, Yorqishloqda ip yigiruv-toʻquv k-ti, Gurunchmozor neft bazasi, mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna faoliyat koʻrsatmokda. «As-Oyimtekstil», «Topas», Oʻzbekiston-Turkiya, OʻzbekistonRossiya qoʻshma korxonalari tashkil etilgan (1999). 200 dan ziyod kichik korxona va firma mavjud.

Tuman q. x. asosan paxtachilikka ixtisoslashgan. Gʻallachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi. Q. x. da foydalaniladigan yer mayd. 25,1 ming ga. Paxta, gʻalla ekinlari, sabzavot-poliz ekinlari yetishtiriladi. Pilla yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. K,. x. da korporatsiya, dehqon-fermer xoʻjaligi uyushmalari, shirkatlar tashkil qilingan. Chorvachilik fermalari xususiylashtirilgan. Q. x. dagi yalpi mahsulotning 99% mulkchilikning nodavlat sektoriga toʻgʻri keladi. Dehqon-fermer xoʻjaliklari va xususiylashtirilgan shaxsiy fermalarda 5,3 ming qoramol, 6,7 ming qoʻy-echki, 391-yilqi, 70 mingga yaqin parranda boqiladi.

Tuman hududidan qariyb 25 km t. y. oʻtgan. Andijon—Xonobod t. y. elektrlashtirilgan.

30 ga yaqin umumiy taʼlim maktabida 28 mingdan ziyod oʻquvchi bilim olmoqda. 2 litsey, tillar litsey-internati, 3 gimnaziya, 3 musiqa maktabi, 800 oʻrinli 6 kasalxona, Janubiy Olamushukda fizioterapiya sanatoriysi, «Pillakor», «Andijon» dam olish uylari, Yorqishloqda «Neftchi» davolash sanatoriysi, 34 jamoat kutubxonasi, 14 klub, Oxunboboyev sh. da oʻlkashunoslik muzeyi, madaniyat va istirohat bogʻi bor. 1931-y. dan «Uchqun», soʻngra «Olgʻa» tuman gaz. nashr etilgan. 1999-y. dan «Jalolquduq hayoti» tuman gaz. chop etilmokda (adadi 3000).