JALOLOV

JALOLOV Gʻiyosiddin (1903 — Toshkent — 1984.9.4) — birinchi oʻzbek astronomlaridan biri. Oʻzbekistonda astronomiyaning rivojlanishiga samarali hissa qoʻshgan. Oʻrta Osiyo un-tini tugatgan (1937). Ilmiy va amaliy ishlari oʻrta asrlar Oʻrta Osiyo astronomiya tarixiga oid. Jalolov «Sekstant — Ulugʻbek rasadxonasining asosiy quroli» (M., 1974), «Samarqand rasadxonasining sayyoralar jadvalini tuzish masalasiga doyr» (M., 1955), «Kuragoniy zijining boshqa zijlardan farqi» (M., 1955), «Gʻiyosiddin Jamshid — 15-a. ning yirik astronomi, matematigi» (M., 1957) va b. asarlar muallifi.