JALOLOV

JALOLOV Toʻxtasin (1909.21.7, Fargʻona tumani — 1984.13.4, Toshkent) — yozuvchi, adabiyotshunos va tarjimon. Fargʻonadagi ped. kursini tugatgach (1925), Shahrixonda oʻqituvchilik qilgan. Samarqand ped. in-tida oʻqigan (1931—33). Toshkentdagi kechki pedagogika in-tini tugatib (1938), shu in-tda, «Qizil Oʻzbekiston» gaz. da (1938 — 41) ishlagan. Qatagʻon qilinib, Sibir va Uzoq Sharqdagi qamoq lagerlarida va surgunda boʻlgan (1941-y. iyul — 1955-y. yanv.). 1955-y. da oqlangach, Oʻzbekiston davlat nashriyotida va Badiiy adabiyot nashriyotida (1955—61), Oʻzbekiston FA ning Til va adabiyot in-tida (1961), «Sharq yulduzi» jur. da (1962 — 63) ishlagan. Adabiyotshunoslik faoliyatida Navoiy ijodini taxlil qilish («Xamsa talqinlari», 1960, 1968), oʻzbek shoiralari merosini toʻplash va tadqiq etish («Oʻzbek shoiralari», 1959, 1970, 1980; «Bonu» 1963; «Qizlar qasidasi», 1976) hamda oʻzbek adabiyoti, xususan sheʼriyati masalalari boʻyicha tadqiqotlar («Yashasin tabassum», 1965; «Nafosat olamida», 1974) asosiy oʻrin tutadi. «Pahlavon Mahmud» (1961) ilmiy asarini yozgan, «Oʻzbek adabiyoti tarixi» xrestomatiyasi 1-jildini (1941) tuzgan. «Oltin qafas» (1962) qissasi muhabbat mavzuiga bagʻishlangan. Asarda moddiy boy, ammo maʼnaviy qashshoq insonlar oilaviy hayotda hech qachon baxtli boʻlolmaydilar, degan fikr olgʻa surilgan. R. Tagor, S. Ayniy, Paxlavon Mahmud, Lohutiy, V. Smirnova Rakitina va b. yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Ad.: Yunusov M., Saxiy qalamlar, T., 1975.