JALOLIDDIN MANGUBERDI ORDENI

«JALOLIDDIN MANGUBERDI» ORDENI — OʻzRning davlat mukofotlaridan biri, mamlakatning oliy harbiy mukofoti. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprogʻini himoya qilishda hamda uni koʻz qorachigʻiday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan, davlatning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan qoʻmondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar. 2000-y. 30 avg. da taʼsis etilgan. Orden 925 probali kumushdan tayyorlanadi, qirrador kumushrang nurlar taralgan beshburchak shaklga ega. Ordenning markazida, oq aylana bilan hoshiyalangan doirada taralayotgan nurlar fonida Jaloliddin Manguberdinint qabariq zarhal tasviri joylashgan. «Jaloliddin Manguberdi Ordeni» o. koʻkrakning oʻng tomoniga, «Amir Temur» ordenidan keyin taqiladi.