JALILOVA

JALILOVA Eʼtibor (1924.15.3, Andijon — 1983.22.6, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1964). Moskva konservatoriyasi qoshida ochilgan oʻzbek opera studiyasida (1940—41), Toshkent konservatoriyasida (1944) oʻqigan. 1941-y. dan Muqimiy teatrida ishlagan. Aktyorlik va xonandalik isteʼdodi mahalliy mualliflarning musiqali drama va komediyalarida, oʻzbekchaga tarjima qilingan asarlarda — estetik tugal, realistik chuqur, usluban toʻliq va ishonarli sahna xarakterlari yaratishiga imkon bergan. Rollari samimiy, joʻshqin, romantik va yuksakligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Zuhra («Tohir va Zuhra»), Gulchehra («Arshin mol olon»), Shohista («Oltin kul»), Shirin («Farhod va Shirin»), Laurensiya («Qoʻzibuloq qishlogʻi») va b. Uning ijrosidagi Oftobxon («Oftobxon»), Nurxon («Nurxon»), Fazilat, Nigor («Kumush tuy», «Gʻunchalar») obrazlari teran psixologik xarakterlar namunasidir.