Usmon ibn Maz’un ibn Habib ibn Vahb ibn Huzofa ibn Jumah ibn Amr ibn Musays ibn Ka’b Jumahiy (r.a.). Kunyasi Abu Soib. Ota-onasi haqida ma’lumotlar uchramaydi.
Usmon ibn Maz’un nihoyatda ziyrakligi, taqvo, sadoqat va qanoati bilan tanilgan Havla binti Hakim ismli ayolga uylangandi. U yaxshi tarbiya ko‘rgan oila farzandi edi. Qabiladoshlari orasida chiroyli xulqi va odobi bilan ajralib turardi. Johiliyatda ham ichkilikka aslo yaqinlashmadi. U ichkilikni tanqid qilib: “Aqlni ketkazadigan va masxaralanishga sabab bo‘ladigan, o‘zimga nomunosib ayolga uylanishimga majbur qiladigan bu narsani aslo ichmayman”, derdi.
Fitrati toza Usmon ibn Maz’un islomni o‘n uchinchi bo‘lib qabul qilgan. U Uboda ibn Horis ibn Abdulmuttalib, Abdurahmon ibn Avf, Abu Salama ibn Abdul Asad, Abu Ubayda ibn Jarroh bilan kelib, Payg‘ambar (a.s.) huzurlarida islomga kirgan. U paytda hali “Dorul Arqam” da’vat uyiga aylantirilmagan edi.
Usmon ibn Maz’unning islomga kirish voqeasi quyidagicha keltirilgan: «Bir kuni Payg‘ambar (a.s.) uylari oldida o‘tirar edilar. Usmon ibn Maz’un o‘sha ko‘chadan o‘tayotib, u zotga ko‘zi tushdi va tabassum qildi. Shunda ikki dunyo sarvari unga yuzlanib: “Bir oz o‘tirib dam olmaysanmi?” dedilar. Usmon ibn Maz’un Payg‘ambar (a.s.)ning huzurlariga kelib o‘tirdi. O‘zaro suhbat asnosida Rasululloh (s.a.v.)da bir holat paydo bo‘ldi. Ne holki, u zotning qarshilarida bir odam paydo bo‘lib, ba’zi narsalarni gapirdi va g‘oyib bo‘ldi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) muborak boshlarini qimirlatib, rozilik va tushunganlik ishorasini bildirdilar. Usmon ibn Maz’un bundan taajjublanib: “Sizga nima bo‘ldi?” deb so‘radi. Payg‘ambar (a.s.) esa Allohning elchisi Jabroil (a.s.) kelgani va Nahl surasining 90-oyatini ta’lim berganini aytdilar» (Ahmad Hanbal, “Musnad”). Bu hodisa Usmon ibn Maz’unning qalbida imon nuri porlashiga sabab bo‘ldi.
Manbalarda Usmon ibn Maz’un dunyoga muhabbat qo‘ymagan obid va zohid kishi sifatida ta’riflanadi. U kechalari ko‘p ibodat qilar, kunduzlari esa ro‘za tutardi.
Usmon ibn Maz’un islom tarixidagi birinchi Habashiston hijrati vaqtida ilk o‘n besh muhojirga boshchilik qildi. Qurayshning islomga kirgani haqida xabar tarqalgach, fursatni qo‘ldan bermay bir necha muhojir bilan Makka sari otlandi. Lekin Makkaga yaqinlashar ekan, bu xabar yolg‘onligini bildi. Shunda o‘zaro kengashib, muhojirlarning har birlari Makkadagi do‘stlari himoyasiga kirishga qaror qildilar. Usmon ibn Maz’un Valid ibn Mug‘ira himoyasiga kirdi. Boshqa muhojirlar ham o‘z yaqinlari uyidan joy olib, ko‘ngillari bir oz taskin topganday bo‘lsada, lekin qilgan ishlarda afsusda edilar.
Birovni o‘z himoyasiga olish arab qavmlariga xos odatlardan hisoblangan. Usmon ibn Maz’un bunday himoyada turishni o‘ziga ep ko‘rolmay qalbi qattiq iztirobda edi. Bir kuni o‘ziga o‘zi: “Allohga qasam, mening do‘stlarim Alloh yo‘lida aziyat va mashaqqat chekar ekan, bir mushrik himoyasida rohat va omonlikda yashashim durust emas”, deb o‘zini ayblay boshladi. Darhol o‘rnidan turdi va Valid ibn Mug‘iraning oldiga borib: “Ey Abu Abdushshams! Ortiq sening himoyangda qololmayman”, dedi. Valid sababini so‘raganida, u: “Men Allohning himoyasini qabul etaman. Undan boshqasining himoyasiga kirishni istamayman”, deb javob berdi. Valid: “Unday bo‘lsa, Ka’baga borib, o‘sha yerda ham shu gapingni aytasan”, dedi. Ikkovlari birga Ka’ba tomon yo‘l oldi. Usmon ibn Maz’un: “Men Allohdan boshqaning himoyasida bo‘lishni xohlamayman. Shuning uchun qarindoshim Validning himoyasidan chiqaman”, deya e’lon qildi.
Shundan so‘ng Usmon ibn Maz’un katta musibat va balolar girdobida qoldi. Hijratga ruxsat berilganidan keyin ayoli va o‘g‘lini olib Madinaga hijrat qildi. Payg‘ambar (a.s.) Usmon ibn Maz’unni Madinada Abul Husaym bilan birodar qildilar.
Usmon ibn Maz’un Rasululloh (s.a.v.) bilan emikdosh sahobiylardan biri edi. U xayrli ishlarda peshqadam, haq yo‘lda mustahkam va islom yo‘lida fidokor inson bo‘lib tanildi. Madinaga hijratdan so‘ng Ummul A’loning oilasidan panoh topdi. O‘sha joyda xastalanib, vafot etdi. Uning vafotini eshitib Rasululloh (s.a.v.) keldilar. Usmon ibn Maz’unni egnidagi kiyimiga kafanlashdi.
Ummul A’lo vafotidan keyin tushida Usmon ibn Maz’un uchun oqib turgan buloqni ko‘rganini aytadi: «Uyg‘onganimdan so‘ng Payg‘ambar (a.s.) huzurlariga borib, ko‘rgan tushimni aytib berdim. “Bu uning yaxshi amallari evazidir”, deb marhamat qildilar».
Usmon ibn Maz’un Madinada vafot etgan ilk muhojir sahobiy hisoblanadi. Bu hodisa hijratdan o‘ttiz oy keyin sodir bo‘lgan edi. Dunyodan ko‘z yumganida Rasululloh (s.a.v.) uning jasadiga qarab: “Alloh va Rasulini sevardi”, deb kuzatarkanlar, ko‘z yoshlarini tutolmadilar. “Ey Abu Soib! …Alloh seni o‘z rahmatiga olsin! Dunyodan o‘tding… na sen dunyoga muhabbat qilding, na u senga muhabbat qildi”, deb marhamat etdilar. Dafn qilinganidan so‘ng: “U bizning qanday yaxshi birodarimiz edi…” dedilar. U paytda hali musulmonlarning alohida qabristonlari ham yo‘q edi. Shunda Payg‘ambar (a.s.) Usmon ibn Maz’unni Baqi’ qabristoniga dafn etishni buyurib, o‘zlari bu ishda bosh-qosh bo‘ldilar. Usmon ibn Maz’unning janozasini o‘zlari o‘qib berdilar. U Baqi’ qabristoniga qo‘yilgan dastlabki muhojir sifatida tarixda qoldi. Alloh bu sahobiydan rozi bo‘lsin!