Sun’iy kiprikdan foydalanish
Kelinchaklar to’y kuni ulama kipriklarga murojaat etishadi. To’ydan so’ng ham qayrilma kipriklarga ega bo’lish maqsadida ularni pardozlash sirlariga qiziqadilar.
Sun’iy kiprik nima? U ko’zga urg’u berish va kipriklarni uzun ko’rsatish maqsadida qo’llaniladigan sun’iy yoki tabiiy tolali kipriklardir. Kipriklar qovoq ustiga elim yordamida yopishtiriladi. Undan avval esa qovoqlarni makiyajdan tozalab olish lozim. Sun’iy kipriklar o’rtacha 3 oy davomida sizni latofatli ko’rsatadi.
Qaerda? Sun’iy kipriklarni uy sharoitida va “go’zallik salon”larida ulash mumkin. Uy sharoitida an’anaviy usul, salonlarda esa texnologik usulda uzaytirish qulay. An’anaviy usuldagi kipriklar do’konlarda sotiladi. Ularning narxi ham arzon bo’lib, asosan bir martalik va qisqa muddatli bo’ladi.
Kiprikni uzaytirish usullari.
-
An’anaviy uzaytirish. Bu usulda ustki qovoq asosida o’z kipriklaringiz ildiz sohasiga sun’iy kiprik tutamlari yopishtiriladi. Ushbu usulning ijobiy tomonida – kiprikni uzaytirish jarayoniga ketadigan vaqtning tejalishida.
-
Yapon texnologiyasi bo’yicha uzaytirish. U kipriklarni bittalab yopishtirishni ko’zda tutadi. Bu usul samarali, chunki bittalab yopishtirilgan kipriklar, tutamlab yopishtirilgan kipriklarga qaraganda uzoqroq saqlanadi.
Yodda tuting! Uzaytiruvchi kipriklar sun’iy va tabiiy (asosan, norka mo’ynasi yoki ipakdan tayyorlangan) bo’ladi. Mutaxassislar terisi ta’sirchan va allergiyaga moyil kishilarga sun’iy kipriklardan foydalanmaslikni maslahat berishadi.
Yopishtirish jarayoni. Kipriklarni uzaytirish jarayonida kipriklaringizning asosiga maxsus smola (elim) yordamida sun’iy kipriklar yopishtiriladi. O’rtacha hisobda kipriklarni uzaytirish jarayoni bir soatdan kam vaqtni oladi. Uzaytirilgan kipriklar bilan har 2 haftada ulani korrektsiya qilgan xolda, 2 oyga yaqin yurish mumkin.
Parvarishlash. Agar siz kipriklaringizni uzaytirishga qaror qilgan bo’lsangiz, unda ularni to’g’ri parvarishlang. Xususan, kipriklarni ho’llamaslik, yuzni yostiqqa qaratib yotmaslik, kipriklarni suvga chidamli tush bilan bo’yamaslik va ko’zlarni ishqalamaslik kerak bo’ladi. Issiq vanna va dush ham ularni tez ko’chishiga sabab bo’ladi. Kontakt linza taqadiganlar ham ehtiyot bo’lishlari lozim.
Joyiga qarab. Kipriklarning turi ko’p. Masalan, bayramlar, tadbirlarda chiqish qilganda to’liq kiprik tolalari, kundalik uchrashuvlarda esa bir necha tolali kipriklarga murojaat qilinadi. Qalin va uzun kipriklar to’y marosdimida asqotadi. Uzunligiga ham e’tibor qarating. O’ta uzun kipriklar o’zining sun’iyligini yaqqol sezdirib qo’yadi. Yaxshi sun’iy kiprik bosh qismidan boshlanib, oxiriga qadar uzunlashib boradi.
Qarshi ko’rsatma. Kiprik ulashdan avval elimga qarshi allergiya bor yo’qligini aniqlash lozim. Buning uchun sun’iy kiprikning bir necha tolasiga elim surib yopishtirib ko’ring. Biroz kuting, agar ko’zda qichishish, qizarish va boshqa reaktsiyalar sodir bo’lmasa, demak, elimdan foydalanish mumkin. Agar sizning ko’zingizda muammolar, xastaliklar bo’lsa, uzaytirishdan voz kechgan ma’qul. Shuningdek, kipriklar zaif va quruq, qovoqlar o’ta yog’li bo’lsa ham kiprik ulamagan ma’qul. Sababi, bunday holatda ular tez tushib ketadi.
Olib tashlash mumkinmi? Ha, buni o’zingiz ham amalga oshirishingiz mumkin. Sizga oddiy o’simlik yog’i yordam beradi. Kechqurun kiprik bo’ylab yog’ni surib chiqing. Tongda esa ehtiyotkorlik bilan ko’chirib oling. Agar ko’chmasa, u holda salon xodimlariga murojaat qilinadi.