Qizlar uchun atir tanlashning 12 qoidasi
Atir tanlashni yor tanlashga o‘xshatish mumkin, nima dedingiz?! Bazilari bir hidlashdayoq didingizga mos tushmasa, boshqasini butun umrga hamroh qilib olishingiz hech gap emas. Sizning «yorijon»ingizga aylanadigan o‘sha iforni topishda mutaxassislardan olingan maslahatlar asqotadi degan umiddamiz.
-
Birinchi uchrashuvga tong sahardan otlanganingiz ma’qul. Chunki kechga tomon badanimizga turli hidlar o‘tirib qoladi, yana charchoq tufayli iforga to‘g‘ri baho bera olmaymiz.
-
Hayz ko‘rganda yoki unga bir necha kun qolganda hidlarga nisbatan sezuvchanligimiz susayadi. Bu paytda atir-upa tanlash «marosim»ini bir muddat kechiktirib turish tavsiya qilinadi.
-
Atirlarni aslo qopqog‘idan hidlamang. Chunki uning tarkibidagi spirt nafas yo‘llaridagi nerv retseptorlarini qo‘zag‘atadi va burnimiz iforlarni bor tarovati bilan his etish qobiliyatini yo‘qotadi. Shuning uchun atirni avval maxsus tasma (blotter)ga sepib, 10 daqiqadan so‘nggina hidlang. Ifor ko‘nglingizga o‘tirgach, albatta, badanga sepib ko‘ring.
-
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, do‘konlarda bir necha atir iforidan mast bo‘lganimizdan so‘ng qahva hidlashni tavsiya qilishadi. Aslida ham qahva hid bilish qobiliyatini tiklashga qodirmi, yoki bu marketologlarning navbatdagi nayrangimi, buning hanuzgacha aniq javobi yo‘q.
-
Odamlar orasida yengil gullar ifori yosh qizlar uchun, o‘tkirroqlari esa katta yoshdagi ayollarga munosib degan qarashlar bor. Biroq biz yashayotgan zamonda hamma narsa nisbiy ekanligini e’tibordan qochirmang. Asosiysi, ifor sizning tabiatinizga, fe’l-atvoringizga mos tushsin.
-
Agar iforingiz imkon qadar uzoq muddat taralib turishini istasangiz, qutisidagi yozuvlarga e’tibor bering. «Parfume» yoki «Extrait» so‘zlarigi ko‘zingiz tushsa, bilingki, tanlaganingiz eng afzali. Yana bir gap, bunday lazzat cho‘ntagingizga sezilarli ta’sir ko‘rsatsa-da, kun davomida undan bahramand bo‘lish kayfiyatingizni ko‘taradi.
-
«Rarfum de toilette», «eau de parfum» degan yozuvlar atiringiz tarkibida efir moylari ozligini, o‘z-o‘zidan ular nisbatan kamroq vaqt davomida bo‘y taratishini bildiradi.
-
«Eau de toilette» (EDT) turdagi atirlar eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, kun davomida bir necha bor foydalanganligingiz tufayli tez tugab qoladi. Hidi ham ko‘pi bilan 2-3 soatgina saqlanadi.
-
Mutaxassislar atirlarni tanamizning naqd 16 nuqtasiga surtish iforning gulgun taralishiga yordam berishini ta’kidlashmoqda. Ayniqsa, atirni chakka, tirsak, bilak, ko‘krak qafasining markazi, oyoqning tizzadan pastki qismi va to‘piqqa, bo‘yin, quloqdan sakkiz santimetr pastga sepsangiz, ifori ham o‘zingizni, ham atrofdagilarni xushnud etadi.
-
Atir sotib oldingiz-u, bo‘yi o‘tkirligi tufayli badaningizga sepishni istamasangiz, uni havoga sepib, so‘ng o‘zingizni ifor og‘ushiga uring.
-
Atirlar quruq teriga sepilganda uzoq muddat saqlanmaydi. Chunki teri uning tarkibidagi efir moylarini tez singdirib oladi va xushbo‘y is darrov bug‘lanib ketadi. Shu sabab iloji boricha nam badanga atir seping. Ustidan hidsiz yumshatuvchi krem surtib oling.
-
Shuningdek, atir tanlashda kunning qay paytida unday foydalanishingizni ham inobatga oling. Kundalik sepish uchun yengilrog‘ini, to‘y-tantanalar, bazm kechalariga o‘tkirroq bo‘y taratuvchilaridan purkab oling.