Teri leyshmaniozi
Teri leyshmaniozining bir necha turlari mavjud. Masalan shahar turi (sinonimlari: “birinchi tip”, “kech yaralanadigan”, “ashxabadka”, “kokandka”, “yil yarasi”) va qishloq turi (sinonimlari: “ikkinchi tip”, “oʼtkir nekrozlanadigan”, “pendin yarasi”, “murgʼob yarasi”), uchinchi tur (tuberkuloid leyshmanioz) kechishiga koʼra bir-biridan farqlanadi.
Koʼpincha iskaptopar chivin (moskit)ning qon soʼrib, terini jarohatlagan joyida keyinchalik (inkubatsion davri oʼtib) kasallikka xos toshmalar, yaʼni leyshmaniomalar paydo boʼladi. Odatda, chivin sakrab-sakrab terining bir necha joyidan qon soʼrar ekan, har chaqqan joyida keyinchalik leyshmanioma yuzaga keladi va bemor terisida bittadan bir necha yuztagacha leyshmaniomalar paydo boʼlishi mumkin. Leyshmaniomalar soniga qarab epidemiologik holatga baho beriladi.
Leyshmaniozning qishloq turi 2–3 haftalik inkubatsion davrdan keyin, terida birinchi kundanoq, oʼtkir yalligʼlanish belgilari bilan kechadigan furunkulsimon tugun yoki doʼmboqchalar hosil boʼlishi bilan boshlanadi. 1-2 hafta oʼtgach, leyshmanioma markazida nekroz notekis, chuqur chegarali yara vujudga keladi. Yaraning shakli notoʼgʼri ovalsimon, tubi sargʼish-kulrang nekrotik parda bilan qoplangan boʼladi.
Аyrim holatlarda, qoʼshimcha jarohat oqibatida bemor ogʼriqdan shikoyat qilishi mumkin. Kasallik oʼchogʼidan bir necha santimetr uzoqlikda, mayda ikkilamchi leyshmaniomalar (yaʼni tugunchalar) paydo boʼlib, yaralanadi va keyinchalik bir-biriga qoʼshilib ketishi mumkin. Leyshmaniozning ikki turida ham limfa tomirlarining ogʼriqsiz yalligʼlanishi xarakterlidir va bu tomirlarning ustki qismi notekisligi bilan tasbehni eslatib turadi.
Leyshmaniozning qishloq turida yaralar tezda (2–3 oy) 4–6 sm va undan kattaroq boʼlib, atrofida koʼtarilib turgan infilьtrat (halqa) bilan ajralib turadi. Keyinchalik yara nekrozlardan tozalanib, ustida baliqning qizil ikrasini eslatadigan granulyatsiyalar rivojlanadi. Bu yaralar tezda yaxshi boʼlib ketishining belgisidir.
Yara oʼrnida paydo boʼlgan chandiq koʼp yillardan keyin ham bemorning leyshmanioz bilan kasallanganini koʼrsatib turadi. Bu atrofik chandiq shtamp qoʼyilgandek aniq chegarali, usti tekis va yaltiroq, chegara qirrasi notekis boʼlib, atrofida vaqtinchalik giperpigmentatsiya kuzatiladi. Oʼtkir nekrozlanadigan qishloq turidagi leyshmaniozda ilk toshmalar vujudga kelgandan to yaralar bitgungacha 2–3 oydan 5–6 oy vaqt oʼtishi mumkin. Shahar turi leyshmaniozida tuzalish davri oʼrtacha 1 yilga teng boʼladi va bu narsa kasallikka “yil yarasi” deb nom berilishiga asos boʼlgan.
Leyshmaniozning shahar turi bilan kasallangan bemor qishloq turi bilan yana kasallanishi mumkin. Qishloq turi bilan kasallangan bemorda leyshmanioz boshqa takrorlanmaydi. Kasallanish chivinlar koʼp uchadigan fasllarda, yaʼni may – noyabr oylarida koʼproq uchraydi. Kasallik profilaktikasi infektsiya manbai boʼlmish kemiruvchilarni yoʼq qilish va odamlarni chivinlar hujumidan himoya qilishdan iborat.
Leyshmaniozga qarshi profilaktik chora-tadbirlar quyidagicha oʼtkaziladi:
kemiruvchi hayvonlar (masalan, sichqonlar) kovaklarini xlorpikrin, sianidlar bilan zaharlash usulida yoʼqotish;
chivinlarni – ular yashaydigan turgʼun suv hovuzlarni insektitsidlar (DDT, tiofos, geksoxloran) bilan zaharlash;
odamlarni himoya qilish uchun maxsus vositalarni (pashshaxona, maxsus malhamlar, «Tayga» malhami, chinnigul yogʼi, dimetilftalat, kerosin, ayrim efir yogʼlar) ishlatish.
Kasallangan odamda umrbod saqlanadigan immunitet rivojlanganini koʼzda tutib, endemik hududlarga (ekspeditsiyaga) chiqib ketishni moʼljallagan odamlarga bugungi kunda turli emlash usullari taklif qilinadi. Bemor davolanmasa ham vaqti kelib kasallik oʼz-oʼzidan oʼtib ketishini koʼzda tutgan holda shifokor tomonidan bemorga ogʼriq bezovta qilsa analьgetiklar, yaralarni ikkilamchi infektsiyadan himoya qilish maqsadida antibakterial va antiseptik malhamlar bilan birga yaralarni tez bitib ketishiga qaratilgan vositalar tavsiya qilinadi.
Ilhom RАHIMOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya
va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot
markazi dermatomikolog shifokori,
tibbiyot fanlari nomzodi.