Qurbon hayiti odoblari
Qurbon hayitida musulmonlarga ba’zi vojib va sunnat amallar borasida kichik eslatma beramiz. Jumladan, arafa kunining bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni asr namozigacha, ya’ni 23 vaqt namoz mobaynida har bir farz namozidan keyin takbiri tashriq aytmoqligimiz vojib amallardan hisoblanadi.
Abdulloh ibn Mas’ud va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolardan vorid bo‘lgan takbiri tashriq iborasi quyidagicha: «Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillaxil hamd».
Ushbu takbirni xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytamiz. Bundan tashqari, yurgan va o‘tirganda ham aytish mustahab amaldir.
Arafa kuni kechasi, ya’ni, hayit kuniga o‘tar kechasini zikr-u tasbeh va duoi istig‘for bilan bedor o‘tkazish mustahab amallardandir. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: «Kimki Ramazon va Qurbon hayitlarining kechasini bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmaydi», deganlar.
Hayit kunining tongidan g‘usl qilib, xushbuy atirlar sepib va eng go‘zal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib, hayit namozi o‘qilguncha hech narsa yemay namozgohga bormog‘imiz sunnat amaldir.
Nabiy alayhissalom: «Ramazon hayiti kuni biror narsa yemay namozgohga bormas va Qurbon hayiti kuni toki hayit namozidan qaytgunlaricha biror narsa yemas edilar».
Qurbon va Ramazon hayitlari Allohning bandalariga farz qilgan ulug‘ ibodatlari: Ramazon ro‘zasi va haj ibodati ado etib bo‘lingan kunning ertasiga nishonlanadi. Alloh taolo bandalarini mana shunday ulug‘ ibodatlarni ado qilishga muyassar qilgani uchun ham uning shukronasiga ikki rakat hayit namozini o‘qishni vojib qildi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) suyib qurbonlik kiling» (Kavsar surasi, 2-oyat).
Namozni o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng, qodir bo‘lganlarimiz qurbonliklarimizni so‘yamiz yoki qassob yollab so‘ydiramiz. Ushbu o‘rinda shuni aytish lozimki, avvalroqdan qurbonlikka atab olib qo‘yilgan qo‘yning junini olish joiz emas, shuningdek, yollangan qassobga xizmati uchun terisi yoki go‘shtidan ham berish durust emas. So‘yilgan qurbonlikni terisini sotib, pulini shaxsiy manfaatlar uchun ishlatish ham joiz emas, balki muhtojlarga sadaqa qilish lozim.
Qurbon hayiti kunlarida barcha musulmonlar bir-birlarini muborakbod etib, tabarruk otaxon, munis onaxonlarga imon, yoshlarga tavfiq-u hidoyat tilashlari lozim. Qarindosh-urug‘larni borib ko‘rish, yor-u birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish kabi ishlar ushbu kunda savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-qudratli tanish-bilishlar ham xuddi shu muborak ulug‘ kunlarda bir-birlariga quchoq ochsalar, o‘zaro uzr so‘rashsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki kechirimli va mehr-shavqatli bo‘lish har bir musulmon uchun ham qarz, ham farzdir.
sof.uz/uz/post/qurbon-hayiti-odoblari