Maktab yarmarkalarida narxlar arzonmi yoki qimmatmi?
Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Joylarda 10 avgust­dan maktab yarmarkalari tashkil etildi.
Maktab yarmarkalarida o‘quvchilar uchun maktab formasi va o‘quv qurollari savdoga chiqarildi.
Shaharda
Samarqand shahrida beshta hududda, ya’ni Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi “Kitob olami”, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi “ATLAS” savdo kompleksi, Qorasuv maskanidagi “XALQSEVAR” do‘koni, “Samarqand Ipak yo‘li” MChJ savdo majmuasi va “Shodiyona” savdo majmualarida maktab yarmarkalari tashkil etilgan.
Samarqand shahar “Samarqand Ipak yo‘li” MChJ savdo majmuasida o‘quv qurollari tashqarida alohida rastalarda sotilyapti. Oddiy 12 varaqli daftarning donasi 1200-1500 so‘mdan ekan. 1200 so‘mlik daftarning orqa tomonida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”, degan yozuv bor, xolos. Ammo ishlab chiqaruvchi firma nomi, manzili ko‘rsatilmagan. Aslida bunday o‘quv qurollari savdoga chiqarilishi mumkin emas. 1500 so‘mlik daftarning orqasida Toshkentda ishlab chiqarilgani, manzili, firma nomi ko‘rsatilgan.
Savdo majmuasining ikkinchi qavatdagi bolalar bo‘limida o‘quvchilar uchun maktab formalari sotilmoqda. Kichik yoshdagi o‘g‘il bolalar uchun kostyum-shim, nimcha komplekti 450 ming so‘mdan, oq ko‘ylak o‘zimizda ishlab chiqarilgani 190 ming, Turkiyaniki 400-450 ming so‘m. Shuningdek, qiz bolalar uchun ham turli o‘lchamdagi oq kofta, yubka savdoga chiqarilgan. Sotuvchining aytishicha, majburiy maktab formasi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etilishi sababli savdoga qo‘yilmagan. Majburiy maktab formasini faqat maktablar buyurtma asosida tiktirgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, maktab yarmarkasida xaridorlar juda kam. Boshqa joyga nisbatan bu yerda narxlarning biroz qimmatligi ham xaridorlarni cho‘chitgan bo‘lsa ajab emas.
Tumanlarda-chi?
— O‘quv yili boshlanishi oldidan har yili tumanimiz markazida “Maktab yarmarkasi” tashkil etilib, o‘quv qurollari arzon narxda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi, — deydi bulung‘urlik Rabbim Hotamov. — Bu yil ham “Bulung‘ur buyum bozori” tashabbusi bilan tuman markazida maktab yarmarkasi tashkil etilganidan ota-onalar xursand. Yarmarkada maktab o‘quvchilari uchun hamma o‘quv qurollari bor.
— Maktab o‘quvchilari bo‘lgan farzandlarimizga o‘quv qurollarini sotib olish uchun har yili Samarqand shahriga borib kelardik, — deydi ota-onalardan biri Matluba Xudoyorova. — Bu yarmarkadan bolalarimizga kerakli bo‘lgan hamma o‘quv qurollarini sotib oldik.
Ayni kunda boshqa tuman markazlarida ham maktab yarmarkalari ish boshlagan. Shahardagiga qaraganda tuman maktab yarmarkalaridagi mahsulotlar ancha arzon.
Kimlarga bepul maktab formasi berildi?
Samarqand shahrida 1747 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ulardan 594 oilaning 1078 nafar farzandi umumta’lim maktablarida tahsil olayotganligi aniqlandi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ushbu kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga bepul maktab formasi tarqatildi.
Samarqand tumanida esa 421 oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ularning maktabda tahsil oladigan 544 nafar farzandi uchun “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi tomonidan tikilgan maktab formalari “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan bepul tarqatildi.
Xurshida Ernazarova.
Manba: zarnews.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:09