Pensiyaga chiqqan o‘qituvchilarga dars taqsimoti qay tartibda amalga oshirilishi kerak?
Bilamizki, hozirgi kunda pensiya yoshidagi o‘qituvchilarning maktablarda ishlab kelayotganli ko‘pchilik yosh o‘qituvchilar tomonidan tanqid ostiga olib kelinmoqda. Shu sababli nafaqaga chiqqan o‘qituvchilarga dars taqsimoti qanday amalga oshirilishi xususida turli xil tushunmovchiliklar bo‘lmoqda.
Ayrimlar pensiya yoshiga yetgan o‘qituvchilar maktabda ishlamasligi kerak deyotgan bo‘lsa, ayrimlar bunday o‘qituvchilarning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib ular maktabda ishlashi kerak degan fikrni ilgari surmoqda.
Shu sababli pensiya yoshiga yetgan, lekin maktablarda hali-ham ishlab kelayotgan o‘qituvchilarga dars taqsimoti qay tartibda amalga oshirilishi hususida fikr bildirib o‘tishni
lozim topdik.
Dars taqsimotida o‘qituvchining yoshi rol o‘ynamaydi. Bunda o‘qituvchining ta’lim sifatiga hamda u erishgan natijalariga e’tibor qaratiladi. Har qanday holatda ham o‘qituvchilarga dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida” nizom bilan belgilab berilgan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.
O‘qituvchi pensioner ekan, unga kam dars berilishi kerak degan qoida yo‘q. Lekin pensioner xodimning hech qanday yutuqlari bo‘lmasa, u dars beradigan sinfning ta’lim sifati past bo‘lsa, nafaqa yoshida ekanligi sababli hech qanday malaka toifasiga ega bo‘lmasa bu vaziyatda o‘z fanining mutaxasisi, bir qancha natijalarga erishib, malaka toifasiga ega bo‘lgan xodimga ko‘proq dars soatlari berish mumkin.
Aksincha xodim pensioner bo‘lishiga qaramay bir qancha yutuq hamda malaka toifasiga ega bo‘lsa u holda nafaqa yoshidagi o‘qituvchiga ko‘proq dars beriladi. Pensioner xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki qilmaslik maktab direktorining ixtiyorida.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:08