Direktor jamg‘armasi hisobidan pedagoglarni moddiy rag‘batlantirishga cheklov o‘rnatildi
«O‘qituvchilar endi kalendar yili davomida emas faqatgina «1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan mukofot puli oladi» deb nomlangan
postni ko‘pchilik noto‘g‘ri talqin qilyapti.
Ayrimlar «1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan o‘qituvchilarga qo‘shimcha mukofot puli beriladi deb o‘ylayapti. Lekin unday emas.
Yuqoridagi postda direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan mukofot pullari nazarda tutilgan. Alohida mukofot puli berish haqida gap ketmagan. Hozir buni batafsil tushuntirib berishga harakat qilaman. Avvalgi amaliyot bo‘yicha o‘qituvchilar bir yilda bir marta mukofot puli olardi. Hozir ana shu amaliyot bekor qilindi. Ya’ni direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan mukofotlar miqdoriga cheklov o‘rnatildi.
Misol uchun ilgari maktab direktorlari (ishchi guruh) yil davomida (tahminan har oyda 5-6 nafar) yaxshi natija ko‘rsatgan pedagog xodimlarga navbati bilan mukofot puli yozib bergan. Bunda bir yil davomida ta’lim muassasasidagi xodimlarining 70-80 foizini rag‘batlantirishga erishilgan.
Yangi tartibga ko‘ra pedagog xodimlarga yil davomida, (har oyda) mukofot puli yozib berishning imkoni bo‘lmaydi. Ya’ni maktab direktorlari (ishchi guruh bilan birga) istalgan vaqtda o‘qituvchilarni rag‘batlantirolmaydi. Endi pedagog xodimlar faqat «1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan mukofot puli olishga tavsiya qilinishi mumkin. Bunda katta ehtimol bilan XTB iqtisodchilari bir yilda eng ko‘pi bilan 10 nafar xodimlarni rag‘batlantirishga ruxsat beradi.
Bu degani direktor jamg‘armasi hisobidan mukofot oladigan pedagog xodimlar soni keskin kamayadi. 1 oktabr munosabati bilan mukofot olishga tavsiya etilgan pedagoglar ham ko‘pi bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizigacha (hozirgi vaqtda 460 ming so‘m) miqdorida mukofot puli olishi mumkin.
Yuqori natijalarga erishgan, ko‘proq miqdorda mukofot puli olish istagida bo‘lgan pedagog xodimlar esa yangi tashkil etilgan «Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi» hisobidan beriladigan ustama yoki mukofotga harakat qilishi kerak bo‘ladi. Buning uchun ular bir qancha mezonlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
P.S: «Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi» hisobidan ustama yoki mukofot puli qay tartibda olinishi bo‘yicha keyingi postlarimizda ma’lumot beramiz.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:43