O‘qituvchilar maktab hududini tozalashi to‘g‘rimi? Hududni obodonlashtirish uchun nechta xodim ajratiladi?
Savol: Bizni maktab o‘qituvchilarining deyarli barchasi mehnat ta’tiliga chiqib ketgan. Lekin, direktorimiz hamma o‘qituvchilarni har kuni maktabga chaqirtirib, maktab binosining ichki qismlari va hovlisini tozalashga majbur qilyapti. Buni noqonuniy ekanligini bilamiz. Bu bo‘yicha kerakli joylarga shikoyat qildik. Bizni sizlarga beradigan savolimiz shundan iboratki, ya’ni maktab hududini tozalash uchun farrosh, bog‘bon yoki hovli supuruvchilar ajratiladimi? Agar ajratilsa, bu qanday tartibda bo‘ladi?
Javob: Ta’til vaqtida o‘qituvchilarni maktab hududini tozalashga jalb qilish majburiy mehnat ekanligi kundek ravshan. Bu bo‘yicha maktab direktori javobgarlikka tortiladi. Shu sababli bu masalaga to‘xtalib o‘tmay, sizning asosiy savolingizga javob berishni ma’qul deb bildik. Demak javob quyidagicha:
Maktabning qoplama to‘shalgan (asfalt, beton, bruschatka) hamda sport maydonlarining har 2500 kv.m. maydoni uchun 1,0 birlik hisobidan kelib chiqqan (mutanosib) holda hovli supuruvchi lavozimi (ta’lim muassasada 0,5 birlikdan kam bo‘lmagan holda) kiritiladi.
Maktabning mevali bog‘, gulzor va ko‘kalamzorlashtirilgan 0,5 ga dan 2,0 ga gacha maydoni uchun 1,0 birlik, keyingi har 2,0 ga maydon uchun 1,0 birlik hisobidan kelib chiqqan holda bog‘bon lavozimi kiritiladi. (Maktabning ijaraga bergan maydoni bundan mustasno.)
Binolarning foydalaniladigan ichki qismi, shu jumladan xizmat xonalari, yo‘laklar, zinapoyalar, faollar zali va sport zal hamda o‘quv sinflari maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 350 kv.m, tozalash maydoni uchun 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi. Biroq, maktabda 0,5 birlikdan kam bo‘lmagan mikdorda kiritiladi.
Maktabda mashg‘ulotlar ikkinchi smenada ham olib borilganda, ushbu smenadagi o‘kuvchilar foydalanadigan har 350 kv.m, tozalanadigan maydon uchun qo‘shimcha 0,25 birlik, uzaytirilgan kun guruhi mavjud bo‘lganda esa, guruhga qatnovchilar foydalanadigan har 350 kv.m, tozalanadigan maydonga 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda farrosh lavozimi kiritiladi.
Shuningdek, maktablarga zaruriyat tug‘ilganda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining ta’mirlash-ekspluatatsiya bo‘limi tomonidan xizmat ko‘rsatilishi kerak.
Xizmat ko‘rsatilmaydigan uzoq hududlarda joylashgan, borish qiyin bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida binolarga xizmat ko‘rsatuvchi va kompleks ta’mirlash bo‘yicha ishchilar lavozimlari har 500 yoritish nuqtalari (viklyuchatel, rozetka va koroba) (ta’lim muassasasi balansida bo‘lgan ko‘cha yoritish nuqtalari ham hisoblanadi) uchun 1,0 birlik hisobidan kelib chiqqan holda, biroq ta’lim muassasasida 0,5 birlikdan kam bo‘lmagan miqdorda elektromontyor lavozimi kiritiladi.
Suv quvurlari, kanalizatsiya tizimi va issiqlik quvvati bilan jihozlangan har 2000 kv.m foydali maydon uchun 1,0 birligi hisobidan kelib chiqqan (mutanosib) holda, biroq ta’lim muassasasida 0,5 birlikdan kam bo‘lmagan mikdorda chilangar-santexnik lavozimi kiritilishi kerak. Maktabda o‘quvchilar soni 500 nafardan ortiq bo‘lganda 1,0 birlik binoni ta’mirlash va kompleks xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishchi lavozimi kiritiladi.
Shu sababli maktabda ho‘jalik ishlarini amalga oshirishda o‘qituvchilar xizmatidan emas balki, yuqorida nomlari qayd etilgan texnik xodimlar mehnatidan foydalanish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Agar ular ham mehnat ta’tilida bo‘lmasa albatta.
Manba:
Xalq ta’limi InfoJoylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:31