Samarqand noni mashhurligi siri nimada?
Samarqand non bozori yurtimizning turli nuqtalaridan oʻtib-qaytuvchilar birrov toʻxtab oʻtadigan mashhur manzillardan. Non bozoriga yaqinlashganimizdayoq tabarruk neʼmatning xushboʻy hididan dilimiz yorishib ketadi.
Qip-qizil, usti yaltirab turgan, biri biridan chiroyli, sedana sepilgan nonlarning qay birini xarid qilishni bilmay shoshib qolamiz. Bu gal ham shunday boʻldi.
— Opajon, bu nonlar haqiqiy moʻjizaning oʻziku, — deyman sotuvchiga qarata.
— 6 ming soʻmga bitta non olsangiz, uch kishi toʻyadi, — deydi Samarqand tumani “Qoʻshtamgʻali” MFY da yashovchi non sotuvchi Dilbar Yoʻldosheva. — Shu nonning zuvalasi 800 gramm, pishgandan soʻng 780 gramm chiqadi. Ishonmasangiz, tarozida tortib koʻring.
Nonning 2 tasini taroziga qoʻyamiz va Dilbar opaning haqligiga iymon keltiramiz. Nonlar roppa-rosa 1 kilogramm 560 gramm chiqadi. Samarqand noni nisbatan arzon sotilayotgani siri haqida soʻrayman.
— Non – aziz neʼmat, undan foyda koʻzlab, narxini oshirib sotish nonga xiyonat boʻladi, — deydi D. Yoʻldosheva. — Oʻzim oʻttiz yildan buyon shu yerda non sotaman. Onamning onalari ham non pishirib, elga rizq ulashishgan. Momom rahmatli “Nonning narxini oshirish elga xiyonatdir”, der edilar. Shu-shu, biz grammidan ham, narxidan ham urmaymiz. Shundan boʻlsa kerak, roʻzgʻorimizdan baraka arimaydi.
Dilbar Yoʻldoshevaning aytishiga koʻra, bu yerda non sotuvchilarning hammasi shu qoidaga amal qilishadi. Grammi ham, narxi ham barqaror. Nonning mashhurligi siri ham aslida shunda. Aslida insof sari baraka, degani shu boʻlsa kerakda!
Faxriddin Bozorov
Manba: Xalq so’zi
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:38