Vaqtincha direktor vazifasini o‘tagan xodimlarga ish haqqi to‘lanadimi?
Direktor o‘rinbosarlari dirеktor yo‘qligida uning vazifasini bajarsa, ularga qo‘shimcha ish haqi to‘lanadimi?
Savol: Maktab direktori mehnat ta’tiliga chiqib ketgan. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari direktor yo‘qligida uning vazifasini bajarsa, unga qo‘shimcha ish haqi yoziladimi? Boshqa o‘rinbosarlargachi?
Savolga Xalq ta’limi admini Ulug’bek Po’latov quyidagicha
javob berdi:
Javob: VMning 275-sonli qaroriga ko‘ra, alohida hollarda xalq ta’limi muassasalarida xodimning roziligi bilan kasblar (lavozimlar)ni birga qo‘shib olib borishga, shuningdek o‘zining asosiy ishi bilan birgalikda ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimlarning vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday ishlarni bajarayotgan xodimlarga albatta qo‘shimcha ish haqi to‘lab beriladi.
Ammo, VMning 297-sonli qaror bilan tasdiqlangan «O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 25-bandi 2-qismiga ko‘ra budjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qo‘shimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish bo‘yicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmaydi.
Xalq ta’limi vazirining 2019 yil 7 dekabrdagi 393-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari»da O‘TIBDO‘larning lavozim majburiyatlariga direktor yo‘qligida uning lavozim vazifalarini bajarish lozimligi ham nazarda tutilgan.
Shu sababli o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi bilan birga direktorlik vazifasini ham bajarayotgan bo‘lsa, ularga qo‘shimcha ish haqi to‘lanmasligi mumkin.
Ushbu qoida faqat o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun tegishli bo‘lib, bunday tartib boshqa o‘rinbosarlar uchun tadbiq qilinmasada, ammo amaliyotda iqtisodchilar barcha o‘rinbosarlarga vaqtincha direktorlik vazifasini bajarganlik uchun qo‘shimcha ish haqi to‘lab bermaydi. (aslida boshqa o‘rinbosarlarga qo‘shimcha ish haqi to‘lanishi kerak)
Shu sababli iqtisodchilar juda ko‘p hollarda direktor yo‘qligida uning vazifasini bajarib turgan o‘rinbosarlarga qo‘shimcha ish haqi yozishni rad etishadi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:18