Prezidentimizning 2019 yil 6 sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda mutlaqo yangi, uzluksiz professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu, albatta, bejiz emas. Chunki kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bugungi kunda o‘sib kelayotgan avlodda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Yoshlarni kasb va mutaxassislik egallashi uchun professional ta’lim muassasalarida yaratilayotgan imkoniyatlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ana shular xususida so‘z bordi.
Yangi ta’lim tizimi amal qiladi
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda joriy o‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej va 185 ta texnikum tashkil etiladi.
Yangi professional ta’lim muassasalari maqsad va vazifalaridan kelib chiqan holda 3 toifaga bo‘linadi. Birinchi toifa – kasb-hunar maktablari hisoblanadi. Ularda o‘quvchilar ta’limning Xalqaro standart tasniflagichining 3-darajasiga mos keladigan dasturlar asosida boshlang‘ich professional ta’lim olishadi. Kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi va 2 yillik ta’lim dasturi asosida o‘qitiladi. Unda yoshlarga, asosan, oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik kabi kasblar o‘rgatiladi.
Professional ta’lim muassasalarining ikkinchi toifasi hisoblangan kollejlarda ta’limning Xalqaro standart tasniflagichining 4-darajasiga mos keladigan dasturlar asosida o‘rta professional ta’lim kasb egalari tayyorlanadi. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tizimida faoliyat ko‘rsatadigan ushbu kollejlarda umumta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Kollejlarda ham o‘quv muddati — 2 yil. Ana shu muddat davomida aniq ish o‘rni uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
Buni Germaniyada yaxshi samara bergan «dual» ta’lim tizimiga o‘xshatish mumkin. O‘quvchilar haftaning 3 kunida kollejda nazariy bilim olishsa, qolgan 3 kunida biriktirilgan korxonadagi usta yoki mutaxassis rahbarligida amaliyot o‘taydi.
Uchinchi toifa — texnikumlar bo‘lib, ular ta’limning Xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos keladigan dasturlar asosida oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat ko‘rsatadi. Ular ham tegishli tashkilotlarga biriktiriladi. Bitiruvchilar buyurtmalar portfeliga asosan ish bilan ta’minlanadi.
Bunda o‘quvchilar oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bilan integratsiyalashgan holatda, kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shaklida 2 yil tahsil oladi. 2 yillik tahsildan so‘ng texnikum bitiruvchilari tegishli oliy ta’lim muassasasida egallagan kasbi bo‘yicha suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Bu tizim maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foiz, kelajakda 50-60 foizga yetkazish uchun xizmat qiladi.
Ta’lim shakli ham, prinsipi ham o‘zgaradi
—Endi professional ta’lim muassasalarida o‘qigan yoshlar aniq ish o‘rni va kasbiga ega bo‘ladi, — dedi matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Murodulla Xolmuhammedov. — Yangi tizimning asosiy tamoyili shundan iboratki, bitiruvchi uchun ish o‘rni avvaldan aniq bo‘ladi va u mutaxassis sifatida ish beruvchining talab va taklifiga muvofiq tayyorlanadi. Shundan kelib chiqqan holda endi kasb-hunar ta’limi tizimida ta’lim shakli, mazmuni va prinsiplari mutlaqo yangilandi.
Hujjat qabul qilish muddati uzaytirildi
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning 5 – 20 iyul kunlari kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan umumta’lim maktablarining 9-sinf (jami 82341 nafar) bitiruvchilari hujjatlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining onlayn elektron platformasi (kasb.edu.uz) orqali qabul qilindi. Shuningdek, vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari tizimida bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul parametrlari tasdiqlandi.
Umumta’lim maktablarining kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan
11-sinf bitiruvchilari hujjatlari kollej va texnikumlarga 2020 yil 25 avgustdan 25 sentabrga qadar (25 sentabr kuni ham) onlayn tarzda qabul qilinishi belgilangan edi. Qabul jarayonlari ayni paytda joriy yilning 20 oktabriga qadar (20 oktabr kuni ham) uzaytirildi.
Ma’lum qilinishicha, kollejlarga kollej.edu.uz, texnikumlarga esa texnikum.edu.uz elektron platformasi orqali hujjatlar topshirish mumkin.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:49:41