EFIOPIYA

EFIOPIYA, Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi, Habashiston — Shim. Sharqiy Afrikadagi davlat. Mayd. 1222 ming km2. Aholisi 67,6 mln. kishi (2002). Poytaxti — AddisAbeba shahri Maʼmuriy jihatdan 9 shtatga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Efiopiya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1995 yil 22 avg. da qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (2001-yildan Girma VoldeGiorgis), u parlament tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq vakillari kengashi (parlamentning quyi palatasi), ijrochi hokimiyatni Bosh vazir va hukumat amalga oshiradi. Parlament — Federal majlis 2 palata: Federatsiya kengashi (yuqori palata) va Xalq vakillari kengashi (quyi palata)dan iborat.

Tabiati. Efiopiya hududining aksari qismi subekvatorial mintaqada boʻlib, katta qismini Efiopiya togʻligi (bal. 2000—3000 m) egallaydi (eng baland joyi 4623 m, RasDashen togʻi). Mamlakat jan. sharqidagi chuqur graben EfiopiyaSomali platosi (bal. 1500 m gacha) ni togʻlikdan ajratib turadi. Shim. sharqda Afar botigʻi (botiqdagi Assal koʻlining sathi dengiz sathidan 116 m past) bor. E. da oltin, platina, mis, nikel, marganes rudalari, tabiiy gaz, kaliy guzi va boshqalar bor. Iqlimi shim. va sharqida tropik choʻl va chala choʻl iqlim, qolgan qismida subekvatorial iqlim. Oʻrtacha oylik t-ra 13° — 19° (AddisAbeba). Oʻrtacha yillik yogʻin 150—160 dan 1500—1800 mm gacha (ayrim joylarda 50 mm dan kam). Asosiy daryolari: Koʻk Nil, VebiShebeli. Bir qancha koʻl bor; eng yirigi — Tana koʻli. Tuproklari Efiopiya togʻligi yon bagʻirlarida qizil qoʻngʻir va togʻ toʻq qizil tuproq, moʻtadil mintaqada togʻ qoramtir tuproq, sovuq mintaqada ishqorsizlangan tuproq, qurgʻoqchil sharqiy va jan. chekkalarida qoʻngʻir va qizil qoʻngʻir, koʻpincha toshloq tuproqlar mavjud. Efiopiyaning shim., sharqiy va jan. qismi butazorli choʻl va chala choʻl, choʻlga aylangan savannalardan iborat. Daryo vodiylarida doim yashil oʻrmonlar bor. Efiopiya togʻligining gʻarbiy va jan. gʻarbiy yon bagʻirlari tropik oʻrmon. Hayvonot dunyosi xilmaxil: yirik sut emizuvchilar (kiyik, jirafa, buyvol, begemot, fil, zebra, togʻ echkisi) koʻp. Yirtqich hayvonlardan arslon, qoplon uchraydi; har xil maymunlar, qushlar yashaydi. Milliy bogʻlari: Avash, Gambela, Simen va boshqalar Aholisi. Efiopiya aholisining 3/4 qismini amxara va oromolar tashkil etadi; shuningdek tigrai, galla, tigre, sidimo va boshqalar xalqlar ham yashaydi. Rasmiy til — amxara tili. Dindorlarning aksariyati musulmonlar va xristianlar. Shahar aholisi 11,5%. Yirik shaharlari: AddisAbeba, Xarar (Xarer), Nazret (Adama).

Tarixi. Efiopiya hududidan topilgan arxeologik topilmalar yoshi taxm. 2 mln. yilga yaqin. Mil. av. asrlarda Efiopiya hududida somxom va boshqalar til guruhlariga mansub xalqlar yashagan. Mil. boshlarida Shim. Efiopiya hududida Aksum podsholigi mavjud boʻlgan. 5—6-asrlarda xristianlikning monofislik yoʻnalishi mamlakatdagi hukmron dinga aylandi. 7-asrda arablarning Shim. va Sharqiy Afrikaga bostirib kirishi va Arab xalifaligining paydo boʻlishi natijasida Aksum podsholigi inqirozga uchradi. 13-asrdan bu hududda Efiopiya podsholigi mavjud boʻlgan. 18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmida oʻzaro urushlar natijasida bir qancha knyazliklarga boʻlinib ketdi. 19-asrning 50-y.

lari Kuaralik Kasa mamlakatni birlashtirishda muhim rol oʻynadi [1855-yiloʻzini Teodros (Fyodor) II nomi bilan imperator deb eʼlon qilgan]. 1867-yil Buyuk Britaniya E. ga qarshi urush boshladi. Urushda Efiopiya armiyasi yengildi (1868), lekin ingizlar xalq ommasining qattiq qarshiligiga uchrab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 19-asrning 70— 80-y. lari Efiopiya Misr va Sudan bilan urush olib bordi. Urushlar natijasida Efiopiyaning kuchsizlanganidan foydalangan Italiya 1882-yil Assab, 1885-yil Massaua portlarini bosib oldi. 1889-yilgi bitim boʻyicha E. Italiya protektoratiga aylandi. 1890-yil boshida Italiya Qizil dengiz boʻylaridagi oʻzi egallagan yerlarni Eritreya mustamlakasiga birlashtirdi. 1895-yil italyan qoʻshinlari Efiopiyaga yana hujum qildilar. 1896-yil I martdagi jangda Efiopiya qoʻshinlari italyanlarni tormor keltirdi. 1896-yil 26-oktyabrda tuzilgan sulh shartnomasiga koʻra, Italiya Efiopiyaning toʻla mustaqilligini tan oldi. Imperator Menelik II davri (1889—1912)da mamlakatni markazlashtirish nihoyasiga yetdi va bir qator qoʻshni viloyatlar Efiopiyaga qoʻshib olindi. Uning oʻlimi (1913)dan soʻng hokimiyat uchun kurash avj oldi. 1930-yil Xayle Selassiye I E. imperatori boʻldi. U bir qancha islohotlarni amalga oshirdi (1931-yil mamlakatning birinchi konstitutsiyasini qabul qildi). 1935—36 yildagi Italiya Efiopiya urushi natijasida Italiya Efiopiyani egalladi va uni «Italiya Sharqiy Afrikasi» mustamlakasi tarkibiga kiritdi. 1941-yil yanv. da inglizefiop qoʻshinlari Sudan hududidan Efiopiyaga kirib, italyan qoʻshinlariga qarshi hujum boshladilar va 1941-yil oxirida Efiopiyani italyan qoʻshinlaridan ozod qildilar (harbiy harakatlarda qatnashgan ingliz qoʻshinlari mamlakatdan 1954-yil chiqib ketdilar). 1942-yil mamlakatda qulchilikni taqiqlash va qullarni ozod qilish toʻgʻrisida farmon eʼlon qilindi. 1952-yil BTM Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq Italiyaning sobiq mustamlakasi — Eritreya federativ asosda Efiopiyaga qoʻshildi. 1962-yil Eritreyaning federativ maqomi imperatorlik hukumatining tazyiqi bilan bekor qilindi va u E. bilan toʻliq birlashdi. 20-asr 60 — 70-y. larida turli ijtimoiy qatlamlarning faolligi kuchaydi. Agrar islohotlar haqidagi masalani hal etishning choʻzilishi, 1973-yildagi qurgʻoqchilik va yuz minglab kishilarning ochlikdan halok boʻlishi, narxnavoning oshib, yuqori amaldorlar oʻrtasida poraxoʻrlikning avj olishi 1974-yil boshiga kelib monarxiya tuzumining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tangligini kuchaytirdi. 1974-yil fev. da ish tashlash va namoyishlar boshlandi. U mehnatkashlarning monarxiyaga qarshi inqilobiga aylanib ketdi va 1974-yil 12-sentyabrda Xayle Selassiye I agʻdarib tashlandi. 1975-yil martda mamlakat respublika deb eʼlon qilindi va Sotsialistik Efiopiya deb ataddi, 1987-yil sentyabrdan E. Xalq Demokratik Respublikasi, 1991-yil iyundan Efiopiya, 1995-yilavg. dan E. Federativ Demokratik Respublikasi deb nomlandi. 1993-yil mayda mustaqillik uchun olib borgan 30 yillik kurashdan soʻng Eritreya Efiopiyadan ajralib chiqdi va oʻz mustaqilligini eʼlon qildi. Efiopiya — 1945-yildan BTM aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1992-yil 2 yanv. da tan olgan va 1996-yil 15-iyulda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 28 may — Tinchlik va demokratiya oʻrnatilgan kun (1991-yil 28-mayda Efiopiya xalqlari inqilobiy demokratik fronti hokimiyat tepasiga kelgan).

Asosiy siyosiy partiya va tashkilotlari hamda kasaba birlashmalari Efiopiyada tinchlik va demokratiya uchun muqobil kuchlar ittifoqi, 1993-yil tashkil etilgan; E. demokratik birlik partiyasi, 1984-yil asos solingan; E. xalklari inqilobiy demokratik fronti, 1989-yil tuzilgan. Efiopiya kasaba uyushmalari, 1977-yil tashkil etilgan.

Xoʻjaligi. Efiopiya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 12%, q. x. 55%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi 33%ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotda yetakchi rol oʻynaydi. Mehnatga layoqatli aholining 85%ga yaqini q. x. da band. Q. x. ning asosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — arpa, teff (tariqning bir turi), makkajoʻxori, bugʻdoy, yer yongʻoq, kungaboqar. Shuningdek, shakarqamish, paxta, tamaki yetishtiriladi. Sabzavot xam ekiladi. Sitrus mevalar, oʻrik, shaftoli, anor, banan oʻstiriladi. Eksport uchun kofe yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy, echki, xachir, tuya bokiladi. Parrandachilik, oʻrmon asalarichiligi rivojlangan. Oʻrmonlarida qimmatbaho yogoch tayyorlanadi.

Sanoatida oziq-ovqat, yengil, neftni qayta ishlash, metallsozlik, toʻqimachilik, koʻnpoyabzal tarmoqlari yetakchi. Yiliga oʻrtacha 1,28 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Eng yirik GES — Fincha. Hunarmandchilikda toʻquvchilik, teri, suyak va yogʻochni qayta ishlash rivojlangan. Platina, oltin, marganes rudasi, kaliy tuzi, kvars qumi qazib olinadi.

Efiopiyada t. y. lar uzunligi — 0,78 ming km, avtomobil yoʻllari uz. — 19,4 ming km. Tashqi savdo yuklari asosan, Jibuti porti orqali amalga oshiriladi. Efiopiya chetga kofe, teri xom ashyosi, dukkakli donlar, moyli uruglar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat, mashina va jihozlar, isteʼmol mollari oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Italiya, Yaponiya, Jibuti bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — bir.

Tibbiy xizmati. Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish davlat davolash muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Vrachlar AddisAbebadagi untning tibbiyot fti va Gonderdagi tibbiyot kollejida tayyorlanadi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Taʼlim tizimi 6 yillik boshlangʻich va 6 yillik oʻrta maktabdan iborat. 7—12 yoshdagi bolalar uchun boshlangʻich taʼlim majburiy. Oʻqish amxara tilida olib boriladi. Hunartexnika taʼlimi toʻliqsiz oʻrta maktab negizida amalga oshiriladi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari 2 yil lik oʻqituvchilar in-tida, oʻrta maktab oʻqituvchilari untlar, AddisAbebadagi ped. institutida tayyorlanadi. AddisAbebada milliy unt, BahrDarda politexnika inti, Jimmada q. x. instituti bor. Q. x. institut va kollejlari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bor. I. t. lar milliy un-t huzuridagi q. x. stansiyalari, efiop tadkiqotlar inti, geofizika rasadxonasi, oʻrmon tadqiqotlari inti, xaritagrafiya va geogr. inti, geol. tadqiqotlari boʻlimida olib boriladi. Shuningdek, AddisAbebada q. x. instituti, Afrika chorvachiligi tadqiqot markazi, Efiopiya geol. xizmati, Jimma yaqinida kofe seleksiya ilmiy tekshirish stansiyasi mavjud. Yirik kutubxonalari: AddisAbebadagi un-t kutubxonasi, AddisAbebadagi milliy kutubxona. AddisAbebada Arxeologiya muzeyi, Desse shahrida muzey bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Efiopiyada bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Asosiylari: «Addis zemen» («Yangi vaqt», amxara tilida chiqadigan kundalik gaz., 1941-yildan), «Yezareitu Itiopiya» («Bugungi Efiopiya», amxara tilidagi haftalik gaz., 1952-yildan), «Yekatit («Fevral», amxara va ingliz tillaridagi bezakli jur.), «Meskerem» («Sentyabr», amxara tilida har choraqda chiqadigan nazariy jur., 1980-yildan), «Efiopian gerald» («Efiopiya xabarnomasi», ingliz tilidagi haftalik gaz., 1943-yildan). Hukumatga qarashli Efiopiya axborot agentligi 1964-yil tashkil etilgan. Efiopiya radiosi, hukumat radioeshittirish xizmati, 1941-yil tuzilgan; E. televideniyesi, hukumat xizmati, 1964-yil asos solingan.

Adabiyoti. Efiopiya adabiyoti koʻp tilli. Efiopiyada yozuv va epigrafika mil. av. 5-asrda sabey tilida yaratilgan. Gyoez tilidagi efiop adabiyoti 4—7-asrlarda yuzaga keldi. 6-asrda yunon tilidan gyoez tiliga xristian va gnostitsizm adabiyotiga oid bir qancha asarlar tarjima qilingan. 8—12-asrlarda efiop adabiyoti tushkunlikka uchradi. 13 —15-asrlarda arab tilidagi koʻplab asarlar tarjima qilindi. 14-asrda «Shohlar shuhrati» nomida asar yaratildi. Imperator Naod oʻrta asrning yirik shoiridir. Gyoez tilidagi adabiyot 15 — 16-asrlarda yuksak darajada rivojlandi. Oʻsha davrning mashhur yozuvchisi Zere Yakob diniydogmatik traktlar va madhiyalar toʻplamini yaratdi. 16—19-asrlarda Efiopiya adabiyoti 6 til (gyoez, arab, amxara va boshqalar)da rivojlandi. Hoz. zamon amxara tilidagi efiop adabiyotining asoschisi Afeuork Gebre Iesus (18681947) hisoblanadi. U 1908-yil birinchi badiiy asar — «Qalb bilan tugʻilgan tarix» romanini yaratdi. 1920 — 30 ylardagi koʻzga koʻringan yozuvchilardan biri Xiruy Volde Selassiye (1889—1939)dir. Efiopiya adabiyotining taraqqiyoti Kabbede Mikael, Mekonnin Endalkachou va boshqalar maʼrifatparvar yozuvchilar faoliyati bilan bogʻliq. 1950—60 yillarda yozuvchilar Taddese Liben, Birxanu Zerixun, Abu Guben, shoir va dramaturglar Mengistu Lemm, Segaye Gebre Medxinlarning voqelikni real aks ettiruvchi asarlari bosilib chiqdi. 1974-yil monarxiya tuzumi agʻdarilgach, Aseff Gebre, Maryam Tesemm, Ayalnex Mulatu sheʼrlari mashhur boʻldi. Birxanu Zerixun, Segaye Gebre Medxin, Bealyu Girma kabi adiblar samarali ijod qiddilar. Adabiyotga yosh yozuvchilar guruhi kirib keldi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Efiopiya hududidan eng qadimiy (mil. av. 2-ming yillik) davrlarga oid qoyatosh suratlari, hoʻkiz, odamning boʻrttirib ishlangan tasvirlari topilgan. Mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida togʻli platolarda qadimiy sharq sanʼati tipidagi sanʼat gullabyashnadi; qoʻrgʻon, ibodatxona, shoxlar haykallari, hayvonlar tasviri yaratildi. 1-ming yillikning 1-yarmi va oʻrtalarida Aksum podsholigi ravnoq topgan davrda mahobatli saroylar, koʻp qavatli minora shaklidagi tosh stela va taxtlar, toʻgʻonlar, suv omborlari, turar joy binolari qurildi. Aksumda xristianlik yoyilgan (4-asr oʻrtalari)dan keyin monastir majmualari va bazilikali cherkovlar yaratildi (DebreDamo majmuasi, 6-asr). Keyinchalik (13—14-asrlarda) Lalibedda qoyatoshlarni oʻyib cherkovlar yaratildi, freska, rang-tasvir asarlari, naqshlar bilan bezatildi. 14-asrda shohning BetAmxara qarorgohidagi ibodatxona va monastirlar hashamatliligi bilan shuhrat qozondi. 14-asrdan kopt, suriyamesopotamiya, arman sanʼatlari taʼsirini oʻzida mujassam etgan efiop miniatyurasi rivojlandi. 17-asrda mamlakatning yangi poytaxti—Gonder shahri qurildi. Shaharda mahalliy va Gʻarbiy Yevropa meʼmorligi uslubida toshdan 2 qavatli qasrsaroylar qurildi. Efiopiyada anʼanaviy xalq turar joyi, asosan, aylana shaklida, tomi konussimon holda shoxshabbadan toʻqilib, loy bilan suvaladi yoki toshdan loy bilan ishlanib toʻgʻri burchakli, usti yassi qilib quriladi. Mamlakat jan. da gumbazsimon kulbalar koʻp. 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlarida shaharlar (AddisAbeba), yoʻl, koʻprik, kasalxona, maktab, GESlar barpo etildi. 1954—56 yillarda AddisAbeba shahrini qayta rekonstruksiya qilish rejasi tasdiqlandi. 1955-yil milliy teatr binosining yaratilishi Efiopiya madaniy hayotida katta voqea boʻldi. 1960— 80 yillarda ham bir qancha inshootlar barpo etildi. Yiriklari: Afrika uyi (1961), Milliy bank (1973—76), kasalxona majmuasi, pochtamp, «VebiShebeli» mehmonxonasi (hammasi AddisAbeba shahrida) va boshqalar Efiopiyada professional sanʼat rivojlanmoqda. Rassomlardan Afevork Tekle, Gebe Kristos Desta, Abdul Rahmon Sharif, haykaltarosh Taddese Mamecha va boshqalar mashhur. Efiopiya aholisi qadimdan kulollik, poya va poxoldan turli roʻzgʻor anjomlari toʻqish, kandakorlik, kashtadoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, charmga gul solish va h. k. bilan shugʻullanib keladi.

Musiqasi. Efiopiya musiqasi Misr madaniyati taʼsirida rivojlandi. Aholining etnik jihatdan xilmaxilligi ham Efiopiya musiqa folklorining turlituman boʻlishiga taʼsir koʻrsatgan. Torlitirnama betena, qirar, kamonli mesinko, turli puflama (vashint, imbilta, malakat) va urma (atamo, negarit va boshqalar) musiqa cholgʻulari mavjud. 5—6-asrlarda diniy (xristian) koʻp ovozli qoʻshiq va raqslar keng tarqalgan. Ulardan asosiylarini 6-asrda avliyo Yared tizimga solib, qogʻozga tushirgan. Keyinchalik monastirlar qoshida xonandalik maktablari tashkil topgan. Efiopiyada musiqa madaniyati anʼanalarini sayyor shoirqoʻshiqchilar — azmarilar davom ettirib kelganlar. 20-asrning boshlaridan ilk puflama sozlar orkestrlari paydo boʻlgan, kompozitorlar oʻz ijodlarida milliy musiqa anʼanalarini gʻarb musiqa madaniyati yutuqlari bilan uygʻunlashtirishga intildilar (Konyatta Iofataxa Negusse, Aleka Melaku BeggoSeu va boshqalar). Ayni vaqtda 1950—60 yillarda anʼanaviy efiop musiqasiga qiziqish ortdi. 1952-yildan folklorni oʻrganish boʻyicha jidsiy ish boshlandi. Milliy musiqaga bagʻishlangan dastlabki musiqashunoslik ishlari yuzaga keldi. Musiqa taʼlimiga ham eʼtibor kuchaydi: AddisAbebadagi untda sanʼat fti, 1963-yil un-t huzurida Badiiy ijod markazi tashkil etildi. Shu yili AddisAbebada Milliy musiqa maktabi ochildi.

Teatri. Efiopiya xalqlarining teatr sanʼati sarchashmalari anʼanaviy rasmrusumlardan boshlangan (toʻy, dafn marosimlari va boshqalar). 20-asr boshlarida umumiy taʼlim maktablari bilan birga maktab teatrlari ham paydo boʻldi. 20-asrning 30-y. lari «Vatan himoyachilari ittifoqi» teatri faoliyat koʻrsatdi. 1950-yil AddisAbebada havaskorlik festivali oʻtkazildi. 1955-yil poytaxtda birinchi professional teatr ochildi (70-y. lar oʻrtalaridan Milliy teatr). Uning repertuaridan milliy dramaturglar pyesalari, V. Shekspir, N. V. Gogol asarlari tarjimalari keng oʻrin oldi. Efiopiyada targʻibot teatri, teatrlashtirilgan ommaviy xalq bayramlari va folklor sanʼati ommalashgan.

Kinosi. 1970-y. larning oʻrtalarigacha asosan, qisqa metrajli hujjatli filmlar ishlab chiqarilgan. Xususan, rej. S. Bekelening «Qizil mavjudot» (1968), «Ijtimoiy majmua» (1970), «Afrika kinosining hozirgi holati» hujjatli filmlarida muhim ijtimoiy muammolar koʻtarildi. 1974-yil birinchi qisqa metrajli badiiy film — «Guma» (rej. M. Papatakis) yaratildi. «Kurash davom etmoqda» (1975, rej. M. Papatakis) nomidagi birinchi toʻliq metrajli hujjatli film jiddiy muammo — agrar islohotlarga bagʻishlandi. Rej. M. Papatakisning «Oʻtmish gʻamtashvishlari, kelajakka yoʻl» hujjatli filmi (1977)da jabrlangan xalqning koʻp asrlik tarixi aks ettirildi. «Uch ming yillik hosili» badiiy filmi (1976, rej. Xayle Girma), «Kurash — gʻalaba, gʻalaba—kurash» (1978, rej. M. Papatakis), «Gʻalabaga yoʻl» (1981, rej. lar Taseze Jarra, Getachou Tarekegen) hujjatli filmlari yaratildi. 1979-yil Milliy kinematografiya markazi tuzildi. Mamlakatda 40 ga yaqin kinoteatr bor. Yiliga oʻrtacha 3—4 hujjatli film ishlab chiqariladi.