ERON

ERON, Eron Islom Respublikasi (Jumhuriye Islomiye Iron) — Janubiy Gʻarbiy Osiyodagi davlat. Mayd. 1648 ming km2. Aholisi 66,4 mln. kishi (2003). Poytaxti — Tehron shahri Maʼmuriy jihatdan 30 oston (viloyat)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Eron — islom respublikasi. Amaldagi konstitutsiyasi 1979 yil 2—5 dek. dagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya boʻyicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Rahbari (1989-yildan Said Ali Xamanayi). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2005-yildan Mahmud Ahmadiy Najod). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Eron Old Osiyo togʻligi mintaqasining sharqiy qismida joylashgan va Eron togligining gʻarbiy qismini egallagan. Eron shimolda Kaspiy dengiziga tutash, jan. da Fors va Ummon qoʻltiqlari bilan oʻralgan (ushbu qoʻltiqlardagi Keshm, Xoʻrmuz, Xark va boshqalar orollar Eronga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan koʻprogʻi togʻli. Mamlakat hududining chekkalarida Shim. Eron, Sharqiy Eron va Janubiy Eron togʻlari joylashgan. Eron togʻlari orasida Elburs togʻlari (Damovand choʻqqisi Eronning eng baland nuqtasidir, 5604 m) va TurkmanistonXuroson togʻlari alohida ajralib turadi. Eronning jan. gʻarbida Zagros togʻ tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000—2000 m balandlikdagi yassitogʻliklar bor. E. ning gʻarbida, Armaniston togʻligida soʻngan vulkanlar, ichki yassitogʻliklarda choʻl va landshaftli botiklar mavjud. Eron ningjan. sohilini Garmsar tekisligi egallagan. Eron neft va gaz zaxiralariga boy. Toshkoʻmir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor.

Iqlimi. Eron hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qoʻltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shim. da sovuq, jan. da iliq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi Tehronda 2ʻ, Jasq shahri (Ummon qoʻltigʻi sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. Oʻrtacha yillik yogʻin 500 mm dan kam, faqat Elburs togʻlari yon bagʻirlarida 2000 mm gacha, Seyiston botigʻida 5060 mm. Eronda daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ulArab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Togʻ oraligʻidagi botiqlarda oqmas koʻllar (Urmiya, Daryochai Namak va boshqalar) bor. Togʻ oldi tekisliklaridagi boʻz tuproklarda choʻl oʻsimliklari, togʻlardagi qoʻngʻir tuproqlarda dasht oʻsimliklari oʻsadi. Pastliklar shoʻrxok. Elburs togʻlarining shim. yon bagʻri keng bargli oʻrmon bilan qoplangan. Eronning jan. dagi qizil tuproqlarda savanna turidagi oʻsimliklar oʻsadi. Daryo vodiylari oʻtloq, tuprogʻi allyuvial. Eronning hayvonot dunyosi xilmaxil. Togʻlarda quyon, chiyaboʻri, togʻ echkisi, yoʻlbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, boʻri, sirtlon, bugʻu, boʻrsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qoʻltigʻi sohillarida saqoqush va qizil gʻoz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga koʻp. Milliy bogʻlari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Elburs va boshqalar Aholisi. Eronda 30 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholisining 75% ga yaqinini eron tillari guruhiga kiruvchi xalqlar: fors, gilon, mozandaron, kurd, lor, baxtiyoriy, baluj, talish, afgʻon, tojik va boshqalar tashkil etadi. Turkiy til guruhiga kiruvchi ozarbayjon va turkmanlar, shuningdek, arab, arman, ossuriy, gruzin, loʻli va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — fors tili. Davlat dini — islom dinining shia mazhabi. Shahar aholisi 58,3%. Yirik shaharlari: Tehron, Isfahon, Mashhad, Tabriz.

Tarixi. Eron hududida odam ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Mil. av. 834-yilda shoh Salmanasar III ning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Mil. av. 3-ming yillik boshida Eronning jan. gʻarbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo boʻldi. Mil. av. 2-ming yillik davomida Eron hududiga hinderon tillarida soʻzlashuvchi hindevropa qabilalari kirib kela boshlagan. Eronning hoz. nomi oʻsha xalqlar — oriylar nomi (qad. eroncha aguapa — «oriylar mamlakati») dan olingan. Bu davrda Eron hududining bir qismi Ossuriya hukmronligi ostida boʻlgan. Mil. av. taxm. 673 — 672-yillarda Ossuriyaga qarshi koʻtarilgan gʻalayon natijasida Eron togʻligining shim. gʻarbiy qismida Midiya davlati paydo boʻldi. Mil. av. 550-yil Midiya va Forsiya podsholigi oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush (553 — 550) dan soʻng hokimiyat axomaniylar sulolasi qoʻliga oʻtdi. Yunonlar, keyinchalik Yevropaning boshqa xalqlari Forsiya nomini mamlakatning barcha qismiga taalluqli deb bilib, uni Forsiya (Persiya) deb atay boshlaganlar (Yevropa adabiyotida bu nom 1935-yilgacha saqlanib kelgan). Gʻarb bilan Sharq oʻrtasidagi savdo yoʻllarida oʻz hukmronligini oʻrnatish maqsadida Axomaniylar Yunoniston bilan urush olib bordilar. Mil. av. 330-yil Axomaniylar davlati Aleksandr Maqduniy qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchradi. Uning oʻlimidan soʻng Eron Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Mil. av. 3-asr hoz. Eron va Turkmaniston chegaralarida Parfiya podsholigi vujudga kelib, mil. av. 2-asr oʻrtalarida Eronning barcha hududi uning tarkibida boʻlgan. Mil. av. 1-asrdan Parfiya Rim bilan uzoq muddatli urushga kirdi. Mil. 224-yil Parfiya qaramogʻidagi Forsiya hukmdori Ardasher I Parfiyaning soʻnggi podshosi Artaban V ni urushda yenggach, Sosoniylar davlatit* tuzdi. Sosoniylar hukmronligi davrida 3-asr oʻrtalarida moniylik, 5-asr oxirlarida mazdakiylik paydo boʻddi. 7-asrda Eronni arablar bosib oldi va u Arab xalifaligi tarkibiga kirdi. Eronda islom dini tarqalib, 10-asrda aholining koʻp qismi unga eʼtiqod qilaboshladi. 9—10-asrlarda Eron hududida noibliklar vujudga keldi. 900-yilda Xuroson va butun Sharqiy Eron Somoniylar qoʻl ostiga oʻtdi, soʻng Sharqiy E. Oʻrta Osiyoning bir qismi va hoz. Afgʻoniston hududi bilan birgalikda Gʻaznaviylar davlati tarkibiga kirdi. 11-asrda Eronga turkiy qabila (oʻgʻuz)lar kirib keldi. Ulardan biri — saljuqiylar gʻaynaviylar qoʻshinini tormor qilib, Eronni va unga qoʻshni mamlakatlarni bosib oldi va Saljukiylar davlatini tuzdi. 12-asr boshlarida Saljuqiylar davlati parchalanib, qator sultonliklar paydo boʻldi. 12-asr oxirida E. Xorazmshohlar davlatita qoʻshib olindi. 1220—56 yillarda Eronni moʻgʻullar bosib oldi va 14-asrning oʻrtalarigacha Hulokuiylar davlati tarkibida boʻldi. 14-asrning 30—80-y. larida Xurosonda moʻgʻul va mahalliy zodagonlar zulmiga qarshi Sarbadorlar koʻzgʻolonlari, 1350-yil Mozandaron va Gilonda Saidlar harakati boʻlib oʻtdi, natijada sarbadorlar va saidlar davlati paydo boʻldi. 16-asr boshida Eronning barcha qismi Safaviylar qoʻliga oʻtdi. 1502-yil shia mazhabi davlat dini deb eʼlon qilindi. 17a, oxiri — 18-asr boshlarida mamlakatning turli qismlarida zodagonlarga qarshi gʻalayonlar, shuningdek, asoratga solingan afgʻon, turkman, kurd, ozarbayjon va boshqalar xalqlarning ozodlik harakatlari boshlanib ketdi. Afgʻon qabilalarining 1709—22 yillardagi qoʻzgʻolonlari natijasida 1722-yil ular Safaviylar poytaxti boʻlmish Isfahonni egalladilar. Afgʻon xonlarining hukmronligiga qarshi xalq harakati boshlanib ketdi. 1723-yil Eronning shim. gʻarbiy va markaziy viloyatlariga bostirib kirgan turklar quvib chiqarildi. Eron davlati Nodirshoh rahbarligida juda katta imperiyaga aylandi. 1747-yil fitna natijasida shoh oʻldiriddi va Eron davlati parchalanib ketdi. 18-asr oxirida zand va qojar xonlari oʻrtasida uzoq davom etgan kurashdan keyin Eronda Qojarlar sulolasi oʻrnatiddi. 18-asr oxiridan E. Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik obyektiga aylandi. 19-asrdagi RossiyaEron urushlari natijasida muqaddam Eron bosib olgan Kavkaz orti hududlari Rossiyaga oʻtdi. 19-asrning 50-y. lari oʻrtalarida mamlakatda ijtimoiyziddiyatlarning kuchayishi Bobiylar qoʻzgʻolonlarit oʻz aksini topdi. 19 a. 60-y. lari — 20-asr boshlarida Eron asosan, Buyuk Britaniya va Rossiyaning yarim mustamlakasiga aylandi. 19-asr oxiridan zulm va ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi 1905—11 yillardagi Eron inqilobining boshlanishiga zamin yaratdi. Natijada konstitutsiya eʼlon qilindi, parlament (majlis) chaqirildi. 1911-yil oxirida Eron inqilobi Angliya va Rossiya tomonidan bostirildi. 1-jahon urushi yillari (1914 — 18)da Eron urushga kirgan davlatlarning harbiy harakatlari maydoniga aylandi. 1919-yil E. Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi. Mamlakatda milliy ozodlik kurashi avj oldi. Eron Ozarbayjoni (1920), Gilon va Mozandaron (192021), Xuroson (1921)da kuchli milliy ozodlik harakatlari boʻlib oʻtdi. 1921-yil 21 fev. da oʻng kuchlar Rizoxon qoʻmondonligi ostida davlat toʻntarishini amalga oshirdilar. Said Ziyovuddin rahbarligidagi yangi hukumat (ushbu hukumat tarkibida Rizoxon harbiy vazir boʻlgan) demokratik harakat yoyilib ketmaslik choralarini koʻrdi va jamoat tazyiqi ostida 1919-yilgi Angliya—E. bitimini bekor qildi. 1925-yil 12 dek. da Taʼsis majlisi Rizoxonni Rizoshoh Pahlaviy nomi bilan Eron shohi deb eʼlon qildi. 1930-y. larning oʻrtalaridan Eron Germaniya bilan aloqalarini kuchaytira boshladi. 2-jahon urushi yillari (1941-yil avg. da) Eron hududiga sovet va ingliz qoʻshinlari kiritildi (1945-yil oxiri — 1946-yil mayda olib chiqib ketildi). 1941-yil 16-sentyabrda Rizoshoh taxtdan voz kechdi va uning oʻrniga oʻgʻli Muhammad Rizo Pahlaviy oʻtirdi. 1943-yil 9-sentyabrda E. Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi, lekin harbiy harakatlarda qatnashmadi. 1945—46 yillar Eronda kuchli antiimperialistik va demokratik harakatlar avj oldi. Hukumat AQSH va Buyuk Britaniya yordamiga tayanib, bu harakatlarga chek qoʻydi. 1960-y. larning boshlarida mamlakatda ijtimoiy va ichki siyosiy vaziyat keskinlashdi. Shoh hukumati monarxiya tuzumi va harbiy qudratini mustahkamlash maqsadida islohotlar oʻtkazishga kirishdi (agrar islohotlar oʻtkazildi, maorif va sogliqni saqlash tizimini yaxshilashga oid ayrim tadbirlar amalga oshirildi). Ammo shoh tuzumining reaksion ichki siyosati, gʻarbparastligi Eronda islom dinining fundamental qadriyatlarini tiklashga intiluvchi ruhoniylarning keskin qarshiligiga uchradi. 1979-yil fev. da monarxiyaga qarshi inqilob natijasida shoh tuzumi agʻdarildi. Inqilobga surgundan qaytgan shialar yetakchisi oyatullo Humayniy (1964-yil mamlakatdan surgun qilingan) rahbarlik qildi. Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1979-yil 1 apr. dan mamlakat rasmiy ravishda E. Islom Respublikasi deb nomlandi. 1979-yil oxirida Eron bilan Iroq oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Eron bilan Iroq oʻrtasida Shatt ulArab daryosi boʻylab oʻtgan chegara xususidagi janjal qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro ikki tomonni ham holdan toydirdi. Humayniy vafotidan soʻng (1989) hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat bir qancha ijobiy islohotlarni amalga oshira boshladi, tashqi siyosatda Eronni xalqaro miqyosda yakkalanib qolish holatidan chiqarish yoʻlini belgiladi.

Eron 1945-yildan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1991-yil 25 dek. da tan olgan va 1992-yil 10-mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 11 fev. — Islom inqilobi kuni (1979).

Siyosiy partiya va tashkilotlari. E. Islom Respublikasi konstitutsiyasiga binoan, Eronda islomga aloqasi boʻlmagan siyosiy partiya va tashkilotlar faoliyati man qilingan. Hoz. kunda mamlakatning ichki siyosiy hayotida bir qator islom partiya va uyushmalari mavjud boʻlib, ular orasida eʼtiborga loyiq boʻlganlari Kurashayotgan ruhoniylar jamiyati, Islomiy Eron birdamlik partiyasi, Islomiy Eron hamjihatlik partiyasi, Taraqqiyotga xizmat qiluvchilar uyushmasi, Imom Humayniy siyosati tarafdorlari uyushmasidir.

Xoʻjaligi. Eron — neft sanoati rivojlangan agrar industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. 21,3%, sanoat 32,7% (jumladan, neft va gaz qazib olish 18,7%)ni tashkil etadi.

Sanoatida neft, gaz, koʻmir, xrom, qoʻrgʻoshinrux, mis, marganes va temir rudalari qazib olish katta ahamiyatga ega. Yiliga oʻrtacha 85 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi korxonalari bor. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, oziqovqat, toʻqimachilik sanoati rivojlangan. Hunarmandchilik (gilam toʻqish, metall buyumlar tayyorlash) bilan ham shugʻullaniladi.

Qishloq xoʻjaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi hisoblanadi. Q. x. ning yetakchi tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — bugʻdoy; shuningdek, arpa, sholi, dukkakli don ekinlar ekiladi. Bogʻdorchilik (oʻrik, shaftoli, anjir, pista, xurmo, behi, anor, sitrus mevalar, yongʻoq va boshqalar), tokchilik, sabzavotchilik va polizchilik bilan mamlakatning hamma qismida shugʻullaniladi. Paxta ekiladi, qand lavlagi, shakarqamish, tamaki yetishtiriladi, choy oʻstiriladi. Chorvachiligida qoʻy, echki, qoramol, eshak, tuya, ot, xachir boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Pillachilik bilan shugʻullaniladi. Fors qoʻltigʻi va Kaspiy dengizida baliq ovlanadi.

Transporti. T. y. ning uz. 7,3 ming km. Ichki yuklarning asosiy qismi avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yoʻllarining uz. 167 ming km. Dengiz savdo floti tonnaji 8345 ming t dedveytni tashkil etadi. Fors qoʻltigʻidagi asosiy portlari: BandarAbbos, BandarHumayniy, Bushir, Xark, Obodon, BandarMohshahr; Kaspiy dengizida — Enzeli, Novshahr, Amirobod. Tehron, Sheroz, Isfahon, BandarAbbos, Obodon, Tabrizda xalqaro aeroportlar bor.

Eron chetga neft va neft mahsulotlari, gilam, gaz, paxta, meva, teri, metall buyumlar chiqaradi; chetdan oziq-ovqat, mashina va jihozlar, sanoat xom ashyosi oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Kuvayt, BAA va boshqalar mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Eronda xorijiy sayyohlik rivojlangan. YUNESKO tomonidan qayd etilgan dunyo sivilizatsiyasi merosiga oid 12 tarixiy yodgorlikning 3 tasi Eronda joylashgan. 2001-yil Eronni 1402160 xorijiy sayyoh ziyorat qildi, xorijiy sayyohlikdan tushgan daromad 1,112 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Pul birligi — rial.

Tibbiy xizmati. Eronda oʻrtacha umr 69 yoshni tashkil etadi. 2003-yil 110797 oʻrinli 730 kasalxona (120 tasi xususiy), 307169 vrach, hamshira va farmatsevt ishladi. Vrachlar un-t va oʻrta maxsus tibbiyot bilim yurtlarida tayyorlanadi. Hoz. paytda Eronda sogʻliqni sugʻurta qilish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Eronda 5 yillik bepul majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilingan. 2 bosqichdan iborat 7 yillik oʻrta maktab mavjud. Mamlakatda savodxonlik koʻrsatkichi — 85,1%. 2004-yil mamlakatdagi maktablarda 17 mln. 196588 oʻquvchi taʼlim oldi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari ped. bilim yurtlarida, oʻrta maktab oʻqituvchilari Tehron un-ti qoshidagi pedagogika in-tida tayyorlanadi. Oliy maʼlumotli kadrlar Tehron universiteti, Tehrondagi Eron milliy un-ti (1960), «Forobiy» un-ti (1975), Sheroz, Mashhad, Isfahon, Mozandaron, Tabriz, Ahvozdagi untlarda, Tehron politexnika inti, Obodon neft instituti va boshqalarda tayyorlanadi. 2004-yil oliy oʻquv yurtlarida 1 mln. 673753 talaba oʻqidi. I. t. lar Tehrondagi fan va maorif taraqqiyotini tadqiq etish va rivojlantirish instituti (1969), E. madaniyati tadqiqot markazi (1971), Sanʼat va arxeologiya tarixi milliy markazi (1972)da, shuningdek, Tehron, Mashhad, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz untlari va boshqalar oliy oʻquv yurtlarida ham olib boriladi. Yirik kutubxonalari: Milliy kutubxona (1935), Parlament kutubxonasi (1924), untlar huzuridagi kutubxonalar. Madaniyat vazirligi tizimida 1502 ta kutubxona mavjud. Eronda arxeologiya va etn. muzeyi, Guliston saroyi muzeyi (1894), Milliy badiiy muzey, Gilamlar muzeyi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Eronda bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Asosiylari: «Abror» («Adolatli», fors tilidagi kundalik gaz., 1985-yildan), «Keyhon» («Koinot», fors tilidagi kundalik oqshom gaz., 1942-yildan), «Risolat» (fors tilidagi kundalik gaz., 1985-yildan), «Egteloot» («Axborot», fors tilidagi kundalik kechki gaz., 1925-yildan), «Ettelooti haftagi» («Hafta yangiliklari», fors tilidagi bezakli haftalik jur., 1941-yildan). Islom Respublikasi axborot agentligi (IRNA), 1934-yil tashkil etilgan. «Eron Islom Respublikasi ovozi» milliy radiosi 1971-yil tuzilgan. Eron televideniyesiga 1971-yil asos solingan.

Adabiyoti. Eron adabiyotini shartli ravishda 3 bosqichga boʻlish mumkin: qadimiy, oʻrta asr va zamonaviy. Eron adabiyotining ilk namunalari qadimiy fors tilida yaratilgan. Qahramonlik eposining dastlabki koʻrinishlari Axomaniylar davriga mansub mixxat bitiklarida oʻz aksini topgan. Eron arablar tomonidan zabt etilib (7-asr), uning hududi xalifalik tarkibiga kirgandan soʻng Eron adabiyoti arab tili va islom taʼsirida shakllandi. 9-asrga kelib adabiyotda fors tilining mavqei kuchaydi. 10-asrning 2-yarmidan boshlab fors tili Sharqda sheʼriyat tili darajasiga koʻtarildi. 10—15-asrlar Eron nazmining yuksalish davri hisoblanadi. Bu davrda Firdavsiy, Umar Xayyom, Saʼdiy, Rumiy, Hofiz kabi dunyo adabiyotining yorqin yulduzlari oʻzlarining oʻlmas asarlarini yaratdilar. Ularning sheʼriyatida gumanizm, insonning ulugʻ mavjudot ekanligi, maʼnaviy barkamollik sari intilish gʻoyalari tarannum etildi. Fors adabiyotining durdonasi boʻlmish Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni maydonga keldi. Bu davrda Eron adabiyotining mumtoz janrlari boʻlgan ruboiy, qasida, gʻazal va qitʼa yanada takomillashdi. Shu bilan birga Abdullo Ansoriy, Farididdin Attor va boshqalarning asarlarida sufiylik tariqati gʻoyalari oʻz aksini topdi. Moʻgʻullar tomonidan Eronning ishgʻol etilishi (1220—56) natijasida madaniy hayot inqirozga yuz tutdi. 13-asrning 2-yarmiga kelib Eron adabiyotida madhiya va qahramonlik eposlari rivoj topdi. 16-asr oxiri Eron adabiyotida shia mazhabiga xos marsiya sheʼriy janri shakllandi. Bu davrga kelib Eron mumtoz adabiyoti saroy sheʼriyati doirasida taraqqiy etdi. 17-asr Eron adabiyotida hind uslubi (sabke hindi) ustunlik qila boshladi. Bu hol 18-asrda Eron shoirlari Mushtogʻ Isfahoniy, Sabohiy Bikdeliy Koshoniy, Hotif Isfahoniy va boshqalarning eʼtiroziga uchrab, Eron adabiyotida «bozgasht» (qaytish) deb atalmish yangi yoʻnalishning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu yoʻnalish ilk Eron mumtoz sheʼriyatiga xos uslubni qayta jonlantirishga qaratilgan saʼyiharakatlar bilan ifodalanadi. 19-asrda Eron adabiyotida yodnoma va safarnomalar paydo boʻlib, yangi fors nasriy janriga asos solindi. Eronda keng quloch yozgan milliy ozodlik harakati (1905—1921) publitsistika va satirik sheʼriyatning shakllanishiga turtki boʻldi. M. Bahor, A. Lohutiy ijodida adolatsizlikka qarshi kurash gʻoyalari namoyon boʻldi. 20-asrda Eron adabiyotida roman va realistik hikoya janri rivoj topdi. Bu davrda Murtazo Mushfiq Kozimiyning «Qoʻrqinchli Tehron» (1924), Abbos Kozimiyning «Mashaqqatli hayot» (1931), Yahyo Davlatobodiyning «Shahrnoz» (1926), Said Nafisiynij «Farangis» (1931) nomli asarlari chop etildi. 20-asrning 30-y. larida Eron sheʼriyatiga yangi sheʼriy janr «sheʼri nou» kirib keddi. Anʼanaviy aruz vaznidan voz kechib, erkin uslubda sheʼr yaratish bu yoʻnalishning xaraterli jihatidir. Eron sheʼriyatidagi yangi yoʻnalishning asoschisi Nimo Yushij (1895—1961) hisoblanadi. 1940—50 yillar nasrda ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi bir qator realistik asarlar yaratildi. Sodiq Hidoyat (1903—51)ning «Daydi it» (1943), «Hoji ogʻo» (1945), Boʻzoʻrg Alaviyning «Ellik uch» (1942), «Uning koʻzlari» (1952) hikoyalari jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Islom inqilobidan soʻng Eron adabiyotida ozodlik va inqilobni tarannum etuvchi sheʼrlar, EronIroq urushida qatnashgan jangchilarning mardligi va vatanparvarligini aks ettiruvchi asarlar, diniy yoʻnalishda yozilgan sheʼriy toʻplamlar keng oʻrin oldi.

Meʼmorligi. Eron hududidagi meʼmoriy yodgorliklar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Eronda neolit davriga oid paxsadan qurilgan turar joylar (Koshon yonidagi TepeSialk, Sheroz yaqinidagi TaliBakun) topilgan. Midiya podsholigi davri (mil. av. 1-ming yillikning 1-yarmi)da uning poytaxti Ekbatana atrofida (hoz. Hamadon) istehkom devorlari barpo etilgan. Axomaniylar davrida saroy meʼmorligi keng rivoj topdi (Pasargada, Persepolis, Suzadagi saroy majmualari). Axomaniylar saroy meʼmorlik uslubiga hashamatlilik, hayvon haykalchalari bilan bezatilgan baland ustunlar xos. Asosiy qurilish materiallari — xom gʻisht, tosh va yogʻoch. Toʻrtburchak shaklidagi zardushtiylik ibodatxonalari ham shu davrga mansub meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Parfiya podsholigi davrida hovli tomoni ochiq ayvonli saroylar qurilgan. Sosoniylar davrida shaharlar tez surʼatlar bilan barpo etila boshlandi. Shaharlar doirasimon yoki toʻgʻri toʻrtburchak tarhli qilib, qalin devor bilan oʻraldi. Bino qurilishida tosh, pishiq gʻisht, yogʻoch ishlatilgan, tom qismi esa yoysimon shaklga ega boʻlgan. Keyinchalik gumbazlar paydo boʻlgan. Sosoniylar davri saroylariga hashamatli ayvon va baland ustunlar xos. Eronning arablar tomonidan zabt etilishi (7-asr) meʼmorlikda yangi uslubdagi binolarning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu davrda koʻplab karvonsaroy, masjid, minora, maqbara, tim, madrasa va hammomlar qurildi. Devor bilan oʻralgan qoʻplab shaharlar barpo etildi. Shaharning 4 darvozasini bogʻlovchi 2 asosiy xiyobonning kesishgan nuqgasi saroy, bozor va masjid joylashgan markaziy maydonni tashkil etdi. Baʼzi hollarda shahar markazida ark barpo etildi. 12-asrga kelib masjid qurilishida Eronga xos uslub paydo boʻldi (toʻrt tomoni ayvon va boloxonalar bilan qurshalgan hovli hamda gumbazli bino). Masjid yonida yuqori qismi torayib boruvchi aylana minora qad koʻtardi. Bu paytgacha minoralar sakkiz burchak shaklida qurilgan. 13—14-asrlar oʻrtalarida Eronda madrasa, masjid, xonaqoh va minoradan tarkib topgan yaxlit ansambllar paydo boʻldi. Eron Temuriylar davlati tarkibiga kirgan davr (14—15-asrlar) da meʼmorlikda gumbazlarni koʻk koshin bilan bezash odat tusiga kirdi. Masjid, madrasa va boshqalar binolarning old qismiga koshinlardan rangli zeb berildi (Mashhaddagi Gavharshod begim masjidi, 1405—18, meʼmor Qavomiddin Sheroziy). 14—16-asrlarda shahar qurilishi avj oldi, shahar ansambllari (Yangi Isfahon) bunyod etildi, saroylar devoriy rasmlar, mozaika bilan bezatildi (Isfahondagi Ali Qopu, Chehel Sutun saroylari, Qazvindagi saroylar). Safaviylar davriga kelib, Eron meʼmorligida hashamatlilikka keng oʻrin berildi, binolarni murakkab va koʻrkam naqshlar bilan bezash, ulkan favvoralar qurish rasm boʻldi. Shaharlarda muhtasham majmualar qurish rejasi hayotga tatbiq etildi. Isfahondagi Shoh maydoni atrofida barpo etilgan saroy, masjid, karvonsaroy va bozor yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etdi. 18—19-asrlarda yuz bergan iqtisodiy inqiroz E. da qurilish koʻlamining keskin kamayishiga olib keldi. 20-asrga kelib, Eron meʼmorligida yangi shakldagi binolar paydo boʻldi (Tehrondagi un-t binosi, 1930-y. lar; Tehron yaqinidagi «Xilton» mehmonxonasi, 1962). Turar joy, ijtimoiy maskanlar, sanoat majmualari, koʻpriklar qurilishida. oyna, metall va temirbeton konstruksiyalar keng qoʻllandi. Eron meʼmorlari binolarni barpo etishda zamonaviy meʼmorlik uslubi va milliy anʼanalardan foydalandilar (Hamadondagi Ibn Sino maqbarasi, 1952; Mashhaddagi Nodirshoh maqbarasi, 1961; Nishopurdagi Umar Xayyom qabri ustiga qurilgan pavilyonrotonda, 1963).

Tasviriy sanʼati. Eron sanʼati 8 ming yil davomida shakllanib kelgan. Eron hududidan topilgan gʻorlardagi odam, hayvon, oʻsimlik va ov qurollarining devoriy rasmlari tasviriy sanʼatning ilk namunalari sifatida eʼtirof etiladi. Mil. av. 12—7-asrlarga oid qabrlardan qimmatbaho metalldan ishlangan badiiy bezak buyumlar, bronza haykalchalar topilgan. Axomaniylar davrida kumush va oltindan yasalgan idishlar, zargarlik buyumlari, tamgʻa, tangalar kandakorlik bilan bezatilgan. Sosoniylar davri tasviriy sanʼatida haykaltaroshlik asosiy oʻrin egalladi (Mozandarondagi bronza byustlar), 9—13-asrlarda amaliy bezak sanʼati rivojlandi. Nishopur, Koshon, Sultonobod kabi shaharlar kulollik markazlari sifatida shuhrat qozondi. Har xil rangli shishalardan idish va buyumlar tayyorlandi. Eron milliy sanʼatining asosiy turlari (gilamchilik, sopol idishlarga chizilgan naqshlar, xattotlik) arablar bosqiniga qadar shakllandi, biroq oʻzining yuksak choʻqqilariga islom dini davrida erishdi. Eron tasviriy sanʼatiga geometrik shakllar, oʻsimlik naqshlari, afsonalardan olingan lavhalar, hayvonlar tasviri xosdir. Gʻarbda fors tasviriy sanʼati miniatyura sifatida tanilgan. Eron rassomlari oʻz asarlarida afsonaviy qahramonlar va shohlarni hamda Eron mumtoz adabiyoti asarlaridagi lavhalarni mohirlik bilan aks ettirdilar.

Qurʼon matnlarini bezash sanʼati yuksak choʻqqilarga koʻtarildi. E. Arab xalifaligi tarkibiga kirgandan soʻng xattotlik sanʼati rivojlandi. Bu sanʼat turining rivojlanishi Temuriylar davriga toʻgʻri keddi. Xattotlikning mohir ustasi Mir Eʼmod Hasaniy Seyfi Gʻaznaviy (1617-yil vafot etgan) boʻlgan. Qojarlar sulolasi hukmronligi davrida xattotlikning «shikastanastaʼliq» shakli ravnaq topib, hoz. qunga qadar qoʻllaniladi. 15—17-asrlar miniatyura sanʼatining rivojlanish davri hisoblanadi. Tabriz va Isfahon miniatyura maktablari shuhrat qozondi (yana q. Tabriz miniatyura maktabi, Isfahon miniatyura maktabi). Bu davrda yaratilgan miniatyura asarlari naqshga boy boʻlib, ranglar jilosi va nafisligi bilan ajralib turadi. Eron miniatyuralarida realizm yoʻnalishi ham keng oʻrin olgan. Ushbu uslubning yorqin namoyandasi Rizo Abbosiynit asarlarida urush lavhalari, ayollar siymosi aks ettirilgan. Uning yaratgan miniatyuralari Isfahondagi Chehel Sutun va Ali Qopu saroylari devorlarida muhrlanib qolgan. 19-asrda Eron miniatyura sanʼati gʻarb madaniyati taʼsiri ostida inqirozga uchradi. 20-asr boshlarida Eron rassomligida realizm yoʻnalishi katta oʻrin egalladi. Haykaltaroshlik, rassomlik sanʼati va fafika (ayniqsa, kitob bezagi, reklama plakatlari) yuksala boshladi. Hasan Ali Vaziriy, Muhsin Muqaddam, Abulqosim Sodiqiy kabi rassom va haykaltaroshlar oʻz asarlarida oddiy xalq hayotidan olingan lavhalarni aks ettirdilar. 1920-yil Kamol ulMulk Tehronda rassomlik va haykaltaroshlik maktabini tashkil etdi. Zamonaviy tasviriy sanʼat milliy maqtabining asoschilaridan biri Akbar Tajvidiy (1925—95)dir. Hoz. davrda tasviriy sanʼat anʼanalarini Eronning mashhur rassomlari M. Farshchiyon, A. Rustamiyon, P. Kalontariy, Yo. Tabotaboiy, Otashzod va boshqalar davom ettirmoqdalar. Tasviriy sanʼatda modernizm uslubi rivojlandi. 1959-yil Tehronda Bezak sanʼati oliy maktabi ochildi. Xalq sanʼatida yogʻoch, suyak, sadaf oʻymakorligi, kandakorlik rivojlangan (markazi — Isfahon va Sheroz). 2000-yil Eron BA tashkil etilgan. Islom madaniyati va tasviriy sanʼati boʻyicha turli yirik xalqaro badiiy koʻrgazmalar, xattotlar tanlovlari oʻtkazish keng tus olgan.

Musiqasi. Eronning mumtoz va xalq musiqasi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. qadimiy davr musiqasi haqida maʼlumotlar saqlanmagan, ammo musiqiy cholgʻu va ohanglar Eron musiqa madaniyatining Mesopotamiya musiqiy anʼanalari bilan chambarchas bogliqligini koʻrsatadi. Xalq musiqasida tasnif, tarona, qasida, gʻazal, dastgoh keng tarqalgan. Eron milliy musiqa cholgʻulari: nay (nayilabak, «haft band», nayianbon), surnay, kamoncha, qonun, setor, rubob, borbat, tor, santur, doira, toʻnbak. 6-asrga kelib saroy sanʼati, bastakorlar ijodi (Borbat va boshqalar) ravnaq topdi, xalq orasida mutriblar (xonandaraqqos) shuhrat qozondi, musiqa nazariyasi shakllandi. Arab istilosi davrida Eron musiqasi arabmusulmon madaniyati taʼsiriga uchradi, bir vaqtning oʻzida arab hamda fors musiqasi unsurlarini oʻzlashtirdi. 13-asrda bastakor, musiqa nazariyotchisi Safiuddin alUrmaviy mashhur boʻldi. 19-asr ning 2-yarmidan boshlab Eron musiqasiga Yevropa musiqasi taʼsir koʻrsatdi, Tehronda Shoh kolleji qoshida Yevropa uslubidagi musiqa maktabi ochildi. 20-asrning 20-y. larida bastakor, Tehron un-ti prof. Ali Naqi Vaziriy milliy musiqa taʼlimini yoʻlga qoʻydi, musiqa nazariyasiga oid asar yaratib, musiqa maktabi ochdi. 30-y. larning boshlarida Tehronda Oliy musiqa maktabi (40-y. larda konservatoriyaga aylantirildi)oʻz ishini boshladi, filarmoniya jamiyati (1940), X. Sanjariy rahbarligida simfonik orkestr (1946) tashkil topdi. A. Vaziriy, A. Sabo, A. Rashidiy kabi kompozitorlar mashhur boʻlgan. Hoz. kunda Eronda, asosan, folklor guruhlari, milliy cholgʻu ansambllari mavjud. Shu bilan birga 20-asr oxirlaridan milliy va Yevropa ohanglarini uygʻunlashtirgan estrada va orkestr ijrosiga ham katta eʼtibor berilmoqda. 1968-yildan Sherozda milliy sanʼat festivallari oʻtkazib turiladi. Musiqa sanʼatini rivojlanishiga Mirzo Abdullo, Darveshxon, Mahmud Karami, Faromirzo Poydur, Abu alHasan Sabo katta hissa qoʻshgan, hozirda Husayn Malik, Tohir Zoda, Shahnoz, Shojarayon kabi sanʼatkorlar mashhur.

Teatr sarchashmalari qadimiy marosimlardan boshlanadi. Baʼzi manbalarda qadimiy «bozigar» (oʻrta asrlardagi masxarabozlar teatrini eslatadi) teatri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saqlanib qolgan. Eronda pantomima, koʻgʻirchoq va soya teatrlari qadimdan mashhur. Oʻtmishda niqoblar namoyishi va marosim («sade») tomoshalari uyushtirilgan. 10-asrdan boshlab imom Husayn vafotiga bagʻishlangan diniy yoʻnalishdagi sahnalar qoʻyilgan. 17—18-asrlarda fors tragediyasi turlaridan biri — taʼziya vujudga keldi. 20-asrning 30-y. lariga qadar Eronda masxarabozlar teatri mavjud boʻlgan. 1890-yil Tehronda saroy teatri tashkil topdi. 20-asr boshlarida Eronda «Farhang» («Madaniyat») teatr hissadorlik jamiyati taʼsis etildi. 1911-yil Eron milliy teatriga, 1917-yil Yevropa uslubidagi Eron komediya teatriga asos solindi. 1929-yildan boshlab Eron teatrlarida ayollar faoliyat koʻrsata boshladi. 1932-yil rassom S. Kermonshohiy Tehronda teatrstudiya tashkil etdi. Ushbu maskan mamlakatning ilgʻor teatr sanʼati markaziga aylandi. 1930—40 yillar teatrlarda, asosan, Yevropa dramaturglarining asarlari sahnalashtirildi. Eron teatr sanʼatining yuksalish davri 1960y. larga toʻgʻri keldi. 1963-yil Tehronda professional aktyorlarni tayyorlovchi drama studiyasi tashkil etildi, doimiy teatr gu. . ruhlari, jumladan «Bugungi teatr» (rahbari M. Jafariy) va Milliy truppa (rahbari M. Javonmard) paydo boʻldi. 1968-yildan Sherozda har yili teatr festivali oʻtkaziladi. 1979-yilga qadar Eronda varyete teatri ham mavjud boʻlgan. Islom inqilobidan soʻng teatr sanʼati inqirozga yuz tutdi. Hoz. kunda diniy ruhdagi spektakllarni sahnalashtirish uchun ruxsat berilgan. Ayollarning teatrda faoliyat koʻrsatishi man etilgan.

Kinosi. 1920-yilda Tehronda birinchi kinoteatr ochildi. 1930-yil komediya janridagi ilk badiiy film yaratildi. 1934-yil dastlabki ovozli film suratga olindi. 1946-yil «Mitrafilm» (1948-yildan «Forsfilm») kinostudiyasi tashkil etildi. 1950-y. larda suratga olingan «Port oʻgʻrisi» filmi mamlakatning eng mashhur kino asariga aylandi. 60-y. larning oxiri — 70-y. larda tarixiy, afsonaviy, muhabbatni tarannum etuvchi film va musiqiy komediyalar, jumladan, «Mozandaron yoʻlbarsi» (rej. S. Xachikiyon), «Intizorlik sohili» (rej. S. Yosimiy) kabi filmlar yaratildi. 1955-yildan Tehronda xalqaro, 1964-yildan milliy kinofestivallar oʻtkaziladi. 1964-yil Kino sanʼatining oliy kengashi tuzilgan. Usha davrning taniqli rej. lari I. Kushon, M. Muhsiniy, S. Yosimiy, S. Xachikiyon, Sh. Rafiyo milliy kinematografiyani rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdilar. 1970-y. larda yiliga 100 dan ortiq badiiy film yaratildi, mamlakatda 500 ga yaqin kinoteatr ishladi. Islom inqilobidan keyingi davrda kino sanʼati inqirozga uchradi. Filmlar ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi (yiliga 30 ta). Mamlakatda aksariyat kinostudiya va kinoteatrlar oʻz faoliyatini toʻxtatdi. 1980—81 yillar boryoʻgʻi 11 film yaratildi. 1980-y. lar oxiriga kelib kinematografiya qayta tiklana boshladi. Davlat tomonidan koʻrsatilgan yordam hamda gʻarb filmlariga qoʻyilgan cheklashlar evaziga Eronda oʻziga xos milliy kino yaratildi va iqtidorli kinoartistlar yetishib chiqdi. 1990-y. larning oʻrtalarida Eron filmlari xalqaro miqyosga chiqdi. «Olcha taʼmi», «Shamol bizni olib ketadi» (ikkalasining rej. A. Kiyorustami), «Qandahor» (rej. M. Maxmalbof), «Ota», «Osmon bolalari», «Jannat rangi» (uchalasining rej. M. Majidiy) kabi filmlar Kann, Turin, Berlin va Moskva kino anjumanlarida eʼtiborli sovrinlar sohibi boʻldi. Bu filmlarda davrning ijtimoiy va madaniy muammolari, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar, hayot falsafasi haqqoniy aks ettirildi.

Oʻzbekiston — E. munosabatlari. E. Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligini tan olib, ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgach, 1992-yil noyab. da Eronning Toshkentdagi elchixonasi, 1995-yil mayda OʻzR ning Tehrondagi elchixonasi oʻz faoliyatini boshladi.

OʻzR Prezidenti I. A. Karimovning Eronga ilk tashrifi 1992-yil noyab. da boʻlib oʻtdi. 2000-yil 10—11-iyunda OʻzR Prezidenti I. A. Karimov Iqtisodiy Hamkorlik Tashkshyutiga aʼzo davlatlar rahbarlarining Eronda boʻlib utgan 6sammitida ishtirok etdi. 2003-yil 17—18-iyunda rasmiy tashrif bilan Eronda boʻldi. 2002-yil 26—28 apr. da E. Islom Resggublikasi Prezidenti S. M. Hotamiyning OʻzRga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Ana shu tashriflar natijasida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning shartnomaviyhuquqiy asoslari yaratildi.

Ikki mamlakat oʻrtasida transportkommunikatsiya, neftkimyo, bank, bojxona, farmatsevtika, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va giyohvand moddalarning noqonuniy tarqatilishiga qarshi kurash sohalarida keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Hoz. kunda Oʻzbekiston va Eron munosabatlarining shartnomaviyhuquqiy asosini 50 dan ortiq hujjat tashkil etadi. OʻzR va Eron oʻrtasida savdoiqtisodiy sohadagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning tamoyil va yoʻnalishlarini belgilab beruvchi bir qator davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar hamda idoralararo hujjatlar imzolangan. Ikki tomonlama munosabatlar «Savdoiqtisodiy aloqalar toʻgʻrisida», «Sarmoyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish», «Ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish va olingan foyda va kapitalga solinadigan soliqlar haqida maʼlumot bilan almashish toʻgʻrisida»gi shartnoma va qator hukumatlararo memorandumlar bilan tartibga solinadi. 2004-yil yakuniga koʻra, Oʻzbe^ kiston va Eron oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 370 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. E. Islom Respublikasi Oʻzbekistonning 10 ta yetakchi savdo hamkori qatoridan_joy olgan. E. Oʻzbekistondan paxta tolasi, rangli metall va undan yasalgan buyumlar, qora metall va metall buyumlar, mineral yoqilgʻi, neft va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar, mexanik stanoklar, xizmatlar, oʻgʻit, kimyoviy shtapel tolalari va h. k. oladi va Oʻzbekistonga bogʻdorchilik mahsulotlari, oʻsimlik va hayvon yogʻi, poyabzal, kimyoviy ip, kir yuvish vositalari, gilam va gilam mahsulotlari, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, xizmatlar, toʻqimachilik hamda organik kimyoviy mahsulotlar, kofe, choy, shirinlik va doridarmon yuboradi. 1993-yilning 18-oktyabr da imzolangan hujjat asosida OʻzR va E. Islom Respublikasi oʻrtasida Savdoiqtisodiy va ilmiytexnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya tashkil etilgan. Oʻzbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 53 korxona bor, ulardan 40 tasi qoʻshma korxona, 13 tasi esa 100% E. sarmoyasi asosida ish olib bormoqda. Mazkur korxonalar asosan xalq isteʼmoli mollari, qandolat, tikuvchilik va q. x. mahsulotlari, qurilish materiallari hamda gilamlar i. ch, shuningdek, yuk tashishga ixtisoslashgan. Oʻzbekistonning eksport yuklarini jahon bozorlariga olib chiqishda Eron transport kommunikatsiyalaridan ham keng foydalanilmoqda. Oʻzbekiston temir yoʻlchilari faol ishtirok etgan Tajan — Saraxs — BandarAbbos t. y. yoʻnalishining ishga tushirilishi (1996) Oʻrta Osiyoda joylashgan davlatlarga Fors qoʻltigʻi orqali jahon bozoriga chiqish imkonini berdi. 1993-yil 17-martda «Oʻzbekiston havo yoʻllari» milliy aviakompaniyasi va Eronning fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan ikki mamlakat oʻrtasida havo qashovini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi. 1994-yil avg. dan boshlab «Eron eyr» aviakompaniyasining havo kemalari haftasiga bir marta Tehron — Toshkent — Tehron yoʻnalishi boʻyicha muntazam havo qatnovini amalga oshirmoqda.

2002-yil Samarqand shahridagi Panjob madaniyat markazi qoshida Eron bilan hamkorlikda Panjob shifoxonasi ochilgan. Shuningdek, Samarqandda Eronning «Doktor Obidiy» farmatsevtika shirkati bilan qoʻshma korxona tuzilgan.

Ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va maʼrifiy aloqalar 1999-yil 8-sentyabrda taʼsis etilgan «OʻzbekistonEron» doʻstlik jamiyati doirasida olib borilmoqda.

Oybek Eshonov.