ERDONABIY

ERDONABIY, Erdonabek, Erdonaxon (1720—1764) — Qoʻqon xoni (1751—64). 1752 yil Qaynardagi jungʻarlar orasida yashovchi Bobobek taxtga daʼvo bilan chiqib, 10 oy Qoʻqonda hukmronlik qilgan. Soʻngra 1753-yil amaldorlar kengashi qaroriga koʻra, Qoʻqon qoʻshinlari Oʻratepani egallash uchun joʻnatilgan. Safar chogʻida Beshariqsa Bobobek oʻldirilgan va taxtga yana E. oʻtkazilgan. Manbalarga qaraganda Erdonabiy adolatli hukmdor boʻlgan. Erdonabiy oʻz hududini kengaytirishni davom ettirgan, Oʻratepaga yurish qilgan (1754), biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Qoʻqonga chekingan. 1758-yil E. Oʻratepaga qayta yurish qilib shaharni egallagan. 1762-yil Xitoy elchilari kelib Xitoyning Turkiston va Samarqandga yurish qilmoqchi ekanligini, buning uchun Erdonabiy odamlar, otlar, hoʻkiz va qoʻylar ajratishi lozimligini aytadilar. Erdonabiy, Oʻratepa va Xoʻjand hokimi Fozilbiy hamda qirgʻiz sultonlari kengashib Ahmadshoh Durroniydan yordam soʻrab, Afgʻonistonga noma yuborganlar. Ahmadshoh Oʻrta Osiyo xonlari bilan tuzilgan ittifoqqa bosh boʻladi. Garchi bu ittifoq natijasiz tugagan boʻlsa ham Xitoyning jungʻarlarga tegishli hududlarini Toshkent, Sayram, Suzoq va Turkistongacha kengaytirish niyatlari barbod boʻlgan.

Ad.: Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996.