EOL RELYEF SHAKLLARI

EOL RELYEF SHAKLLARI — shamol taʼsirida yuzaga keluvchi relyef shakllari, asosan, arid iqlimli zonalar (choʻl va chala choʻllar)da kuzatiladi. Dengiz, koʻl va daryolarning boʻsh va substrat jinslarini siyrak oʻsimlik qoplami shamol taʼsiridan himoya qila olmaydigan sohillarida ham uchraydi. Nuragan togʻ jinslarining shamol taʼsirida koʻchirilishi va boshqalar joyga toʻplanishi natijasida yuzaga keluvchi akkumulyativ va akkumulyativdeflyatsiya shakllari ayniqsa keng tarqalgan. Ular nafaqat shamol, balki shamol uchirib keltiradigan mayda jinslarning urilishi, yaʼni qumli shamollar taʼsirida ham vujudga keladi. Eol relyef shakllarining oʻlchami va shakllari shamol rejimi (kuchi, tezligi, yoʻnalishi, shamol oqimi strukturasi)ga, relyef, oʻsimlik qoplami, namlik va boshqalar omillarga bogʻliq. Qumli joylardagi Eol relyef shakllari shamolning mavsumiy yoʻnalishiga muvofiq tarzda koʻchib yuradi. Eol relyef shakllari moʻtadil mintaqa choʻllarida oʻsimlik qoplami nisbatan zichroq boʻlganligi uchun unchalik katta boʻlmaydi va sekin-astalik bilan rivojlanadi. Shamollar rejimi va boʻsh jinslarning jipsliligi, asosan, zonal geografik omillarga bogʻliq, shu sababli Eol relyef shakllari ham umuman zonal joylashadi. Rus geograf olimi B. A. Fedorovich tasnifiga koʻra, yengil harakat qiluvchi qumli relyef shakllari, asosan, tropiklarning arid choʻllariga (Sahroi Kabir, Arabiston ya. o., Eron va Afgonistondagi choʻllar). sust harakatlanuvchi relyef shakllari tropik mintaqalardan boshqa siyrak chakalakzorli choʻllarga (Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston, Jungʻariya, Mongoliya va Avstraliya choʻllari); dyunalar choʻl boʻlmagan hududlarga (Yevropa, Gʻarbiy Sibir, Shim. Amerika) xos. Eol relyef shakllarining morfologiyasi, kelib chiqishi, harakatlarini har taraflama oʻrganish choʻllarni oʻzlashtirishda muhim ahamiyatga ega.