ELEKTROFOTOGRAFIYA

ELEKTROFOTOGRAFIYA — yorugʻlik sezgir elektrofotografik materiallar (EFM) da, yaʼni yorugʻlik taʼsirida elektr oʻtkazuvchanligini oʻzgartiradigan fotoyarimoʻtkazgich (FYAOʻ) qatlam (oʻtkazgich asosiga surkaladigan) da fotografik tasvir hosil qilish jarayoni. Tasvir hosil qilishdan oldin FYAOʻ qatlamnni ionlar bilan zaryadlab, uning sezgirligi oshiriladi. Keyin EFM ekspozitsiyalanadi (maʼlum muddat yoritiladi), natijada FYAOʻ ning yoritilgan joylaridan asosga zaryadning bir qismi «oqib» oʻtadi, yoritilganlik qanchalik yuqori boʻlsa, zaryad shunchalik koʻp oqib oʻtadi. Natijada FYAOʻ sirtida obyektning berk fotografik tasviri (BFT) hosil boʻladi. Soʻngra BFT koʻrinadigan tasvirga aylantiriladi (vizuallashtiriladi).

BFT ni vizuallashtirishning bir necha usuli bor. Vizuallashtirish uchun quruq kukundan foydalaniladi (kserografiya). Zaryad ishorasini va kukun rangini oʻzgartirib, ham pozitiv, ham negativ oqqora yoki rangli tasvir hosil qilish mumkin. EFM sifatida fotoelementlardan ham foydalaniladi. Elektrofotografiyani matn va grafik materiallarni kam nusxada koʻpaytirishda — reprografiyatsa keng qoʻllash mumkin. Elektrofotografiyadan texnikaning koʻp sohalarida, mas, rentgenografiya, elektronografiya, neytronografiya, spektroskopiya va boshqalarda foydalaniladi.