EVENK TILI

EVENK TILI, tungus tili tungus-manjur tillaridan biri; RF da Sharqda Oxota dengizi sohillaridan Gʻarbda Yenisey daryosigacha, Shim. da Shim. muz okeanidan Janubiy da Baykalboʻyi va Amurgacha boʻlgan ulkan hududda, shuningdek, XXR va Moʻgʻulistonda tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 65 ming (RFda 30 ming, XXRda 35 mingga yaqin, Moʻgʻulistonda 3 ming) kishidan ortiq (oʻtgan asrning oxirlari). Lahjalari 3 asosiy guruhga boʻlinadi: shim., jan. va sharqiy. Sezilarli tafovutlar, xilmaxilliklarga qaramay, bu lahjalar muayyan darajada boshqa tungus-manjus tillariga xos boʻlgan umumiy xususiyatlar majmui bilan birlashganlar, hatto baʼzi olimlar solon va negidal tillarini Evenk tilining lahjalari deb hisoblaydilar. Adabiy tilga jan. lahjaning nep shevasi, 1953-yildan esa poligus shevasi asos boʻlgan. Yozuvi 1931-yildan lotin grafikasi, 1936-yildan esa rus grafikasi asosida shakllangan.