DIRIJABL

DIRIJABL (frans. dirigeable — boshqariluvchi) — havodan yengil uchish apparati; boshqariladigan aerostat; korpusiga toʻldirilgan gaz (geliy yoki vodorod)ning koʻtarish kuchi hisobiga balandlaydi. Asosiy qismlari: korpus, qanot, stabilizator, boshqarish rullari, odamlar oʻtiradigan va dvigatellar oʻrnatiladigan qismi — gondola. D. ga bir yoki bir necha vintli dvigatel oʻrnatiladi. Dirijablning yumshoq, yarim qat-tiq turlari boʻladi. Dirijabl korpusi pishiq matodan qilinadi, baʼzilarining qorin tomoniga metall ferma ham oʻrnatiladi. Dirijablni balandlatish uchun ballast (ortiqcha yuk)ning bir qismi tashlanadi, pastlatish uchun gazning bir qismi chiqarib yuboriladi. Dirijablning tezligi 100—135 km/soat dan oshmaydi, hajmi — 200 ming m3gacha. Dirijabllar borish qiyin boʻlgan, aerodromlar yoʻq joylarga yuk va yoʻlovchilar tashishda, suv osti kemalarini qidirishda qoʻllanilgan. Fransuz ixtirochisi A. Jiffar bug dvigatelli boshqariladigan aerostatda birinchi boʻlib parvoz qilgan (1852). Dirijabldan asosan 20-a. 50-yillarigacha foydalanilgan. 70-y. larda qisman tiklangan (mas, GFR, Fransiyada). Hozir Dirijabl oʻrniga vertolyot ishlatilmoqda.