DIPLOMATIK MUNOSABAT

DIPLOMATIK MUNOSABAT — xalqaro huquq meʼyorlariga va xalqaro muloqot tajribasiga koʻra davlatlar oʻrtasida rasmiy munosabatlarni yuritishning asosiy shakli. Diplomatik munosabat davlatlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirishga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turishga koʻmaklashishi zarur. Diplomatik munosabatlar tugrisidagi 1961-y. Vena konvensiyasiga binoan davlatlararo Diplomatik munosabat oʻzaro kelishuv asosida yoʻlga qoʻyiladi. Diplomatik munosabatni oʻrnatishda odatda biron-bir davlat va uning hukumatining boshqa bir davlat tomonidan defakto yoxud deyure tan olinishi dastlabki qadam hisoblanadi. Diplomatik munosabat manfaatdor davlatlar vakillari b-n bevosita yoki bilvosita, uchinchi bir davlat diplomatik vakillari bilan muzokara yuritish natijasida oʻrnatiladi hamda davlatlar va hukumatlarning boshliqlari, tashqi ishlar vazirlari, maxsus vakolatli shaxslarning oʻzaro maktub, telegramma va xatlar ayirboshlashi tarzida rasmiylashtiriladi. Tomonlar Diplomatik munosabat oʻrnatilishi fakti haqida, diplomatik vakilliklar darajasi (elchixona yoki missiya), bitimning kuchga kirish sanasi, uni eʼlon qilish muddati va tartibi toʻgʻrisida ham oʻzaro kelishib oladi.