DIAPAUZA (yun. diapausis — toʻxtash, dam olish) — hayvonlar hayot faoliyatining tinim davri; bunda umumiy modda almashinuvi pasayadi. Diapauzaning vujudga kelishiga tashki muhim sharoitlari: ozuqa sifati, namlik, harorat, kun uzunligining mavsumiy oʻzgarishlari sabab boʻladi. Bu sharoitlar taʼsirida, mas, hasharotlar organizmida anatomik-gistologik, fiziologik va biokimyoviy oʻzgarishlar yuz beradi, yaʼni rivojlanish vaqtincha toʻxtaydi, kislorodni oʻzlashtirish kamayadi, erkin suv kolloid holatga oʻtadi, yogʻ ta-nachalari hujayralarida eng koʻp miqdorda zaxira qatlamlar (baʼzi turlarda yogʻlar, boshqalarida esa yogʻ-oqsil donalari) toʻplanadi. Bu belgilari bilan Diapauza karaxtlik (uyqu)dan farq qiladi. Diapauza organizmning sovuqqa chidamli boʻlib, qishlab chiqishini taʼminlaydi. Quruq subtropik va tropik iqlimda yozgi Diapauza, yaʼni estivatsiya kuzatiladi. Har bir biologik turda Diapauza organizmi hayot siklining maʼlum fazalarida sodir boʻladi, hasharotlarda tuxum, qurt (lichinka), gʻumbak yoki imago (voyaga yetgan) rivojlanish davrlariga toʻgʻri keladi.
Oʻsimliklarni himoya qilishda Diapauza toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ekinlar zararkunandalarining paydo boʻlish va rivojlanish davrini prognozlash (qisqa va uzok, muddatli)da hisobga olinadi.
Sulton Alimuhamedov.