DAMASHQ PODSHOLIGI

DAMASHQ PODSHOLIGI — Suriyadagi qad. davlat. Ossuriya-Bobil va Misr manbalari hamda Bibliyada koʻproq tilga olingan. Damashq podsholigini mil. av. 11 — 10-a. boshlarida oromiylar tuzgan. Mil. av. 10-a. boshlarida Isroil podsholigiga boʻysungan, keyinchalik mustaqil boʻlib ajralib chiqqan. Shoh Tabrimmon va Ben-Adad I (mil. av. 914—880) davrida Suriya (Shom), Falastinni ham oʻziga qaratib olgan. Damashq podsholigi bir necha davlatlardan iborat ittifoqqa rahbarlik qilgan. Shoh Gʻazail (mil. av. 844—804) davrida Damashq podsholigi Ossuriyaga boj toʻlab turgan. Mil. av. 8-a. da Damashq podsholigi qudratli davlatga aylangan. Bu vaqtda unga Suriyadagi 17 podsholik boʻysungan, ossuriyaliklar hujumiga bardosh bera olgan. Lekin ichki ziddiyatlar va qoʻshni davlatlarning hujumlari tufayli Damashq podsholigi Ossuriya davlatining viloyatiga aylanib qolgan (mil. av. 732).