DALLAS

DALLAS — AQSH jan. dagi shahar, Texas shtatida. Triniti daryosi boʻyida. Aholisi 1188 ming kishi (2000). AQSH ning paxtachilik va chorvachilik r-nlari chegarasida joylashgan. Transport yoʻllarining muhim tuguni. AQSH jan. dagi yirik savdo-moliya va neftgaz sanoati markazi. Dallasda neft sanoati va paxta tozalash korxonalari uchun uskunalar ishlab chiqariladi. Neftni qayta ishlovchi, kimyo (sovun, sintetik kir yuvish vositalari i. ch.), oziq-ovqat, paxta tozalash, ip gazlama, tikuvchilik korxonalari bor. Samolyotsozlik, avtomobilsozlik, radioelektronika, aviaraketa sanoati, dvigatellar, q. x. mashinalari, sovitkichlar i. ch. rivojlangan. Dallas — yirik paxta bozori. Un-t (1911), xalqaro aeroport, muzey va teatrlar bor. Dallasga 1841-y. da asos solingan. 1856-y. dan shahar. D. da 1963-y. 22-noyabrda AQSH prezidenti Jon F. Kennediga suiqasd uyushtirilgan.